Erini ishga yubormagan ayolga 10 sutka qamoq jazosi tayinlanishi mumkin

Saqlash
10:05 / 29.05.2024 704 0

Erining ishlashiga qarshilik koʻrsatgan ayol 10 sutkalik maʼmuriy qamoq bilan jazolanadi. Buning aksi, yaʼni er xotinining mehnat huquqiga daxl qilsa ham mazkur holat huquqbuzarlik deya baholanadi va xuddi shunday jazo tayinlanadi yoki jarima undiriladi.

 

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 59-prim 2-moddasiga koʻra, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqni amalga oshirishga toʻsqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sogʻligʻining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

 

Sharhlanadigan boʻlsa, yuqoridagi holatlar uchun huquqbuzar 3 mln 400 mingdan to 6 mln 800 minggacha jarima toʻlaydi. Yoki 10 sutkaga qamaladi.

 

Shuningdek, ushbu moddaga koʻra, turmush oʻrtogʻi oʻz ayoli(yoki eri)ni yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻysa ham mazkur moddaga koʻra chora qoʻllaniladi.

 

Maʼlumot uchun, 59-prim 2-moddada jinoyat alomatlari boʻlmagan huquqbuzarliklar nazarda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//