Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi

Saqlash
10:05 / 31.05.2024 1718 0

Prezidenti Qarori bilan Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi.

 

Hujjatga koʻra, muzey Buxoro shahridagi Xoʻja Gulrez koʻchasi 13-uy manzilida joylashgan Hovli Poyon majmuasida barpo qilinadi.

 

Muzey faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilar:

▪️ jadidlik harakatiga oid mamlakatimiz va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, toʻplash, saqlash, oʻrganish, tiklash, nusxalash, eʼlon qilish, ular asosida Muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;

 

▪️ maʼrifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim oʻrni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning maʼnaviy asoslarini yaratishdagi hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish;

 

▪️ muzey ekspozitsiyalarini yaratishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash.

 

Muzeyni saqlash xarajatlari Buxoro viloyati mahalliy byudjeti mablagʻlari, muzeyning oʻz daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

 

Muzey ustavini tasdiqlash, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va malakali mutaxassislar bilan toʻldirish hamda muzey faoliyatiga koʻmaklashish vazifasi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi zimmasiga yuklatilgan boʻlib, jamgʻarma mazkur ishni Madaniy meros agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bajaradi.

 

Muzeyga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlarga ish haqi toʻlash majburiyati esa Madaniy meros agentligiga topshirilgan.

 

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, shu qatorda, bir qancha tashkilotlar bilan hamkorlikda muzeyni jadidlik harakatiga oid muzey ashyolari va kolleksiyalari bilan toʻldirib boradi.

 

Ana shu maqsadda jamgʻarma jadidlik harakatiga oid noyob kitob, qoʻlyozma, arxiv hujjatlari va boshqa materiallarni aniqlash boʻyicha chuqur fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borishda homiylik qiladi. Bundan tashqari, aniqlangan materiallarni taʼmirlash va raqamlashtirish choralari-tadbirlar ham jamgʻarma tomonidan amalga oshiriladi.

 

Kerakli eksponatlarni jamlash maqsadida Madaniy meros agentligi “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida aholidan jadidlik harakatiga oid tarixiy materiallar, ashyolar, noyob suratlarni muzey uchun xarid qilib boradi.

 

Tashqi ishlar vazirligi esa muzeyga xorijiy davlatlardagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-maʼrifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashadi.

 

Muzeyni tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha import qilinadigan muzey ashyolari va kolleksiyalari, kitob va qoʻlyozmalar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, jihozlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalar, mebel va inventarlar 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etiladi.

 

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari bu jarayonda muzey faoliyatini keng yoritib boradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//