Hindistonlik yoshlar taʼlim olish uchun Oʻzbekiston OTMlarini tanlamoqda

Saqlash
10:06 / 03.06.2024 663 0

Hindistonlik yoshlar asosan Oʻzbekiston tibbiyot oliy bilim yurtlarida taʼlim olishga boʻlgan qiziqishi ortib bormoqda. Bu boʻyicha Hindistonning “The New Indian Express” gazetasida material chop etildi.

 

Maqola muallifi Yeshi Seli soʻnggi yillarda Oʻzbekiston universitetlarida oʻqishga, ayniqsa, tibbiyot yoʻnalishida mutaxassislikka ega boʻlishga qiziqish bildirayotgan hind yigit-qizlarining safi kengayib borayotgani haqida yozadi.

 

“Bizga Oʻzbekistonning turli oliy oʻquv yurtlarida taklif etilayotgan tibbiyot kurslarida oʻqish istagida boʻlgan yoshlardan odatdagidan koʻproq murojaatlar kelib tushmoqda. U yerda hozir minglab hindistonlik talaba tahsil olmoqda, shuning uchun ushbu mamlakat biz uchun juda ham yaxshi tanish manzildir”, deya intervyu bergan Xorijda oliy taʼlim olish jarayonida koʻmaklashishga ixtisoslashgan kompaniya direktori, doktor Alakh Sharan Singh maqola muallifiga.

 

Shuningdek, materialda “Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyilgani, tanlash uchun Toshkent, Buxoro, Samarqand, Andijon va boshqa shaharlarda koʻplab oliy oʻquv yurtlari mavjudligi, eʼtiborlisi esa, mazkur muassasalar eng soʻnggi texnologiyalar va resurslar bilan yaxshi taʼminlangani” haqida maʼlumot berilgan.

 

Muallif Oʻzbekistondagi kundalik xarajatlarga ham alohida toʻxtalib oʻtgan. U Yevropa mamlakatlari va AQShga qaraganda Oʻzbekistonda kundalik xarajatlar ancha pastligi, taʼlim olish uchun toʻlovlar hamyonbop ekani va Hindistonning yirik shaharlaridan parvoz vaqti atigi bir necha soatni tashkil qilishini taʼkidlagan.

 

Maʼlumot uchun, ayni vaqtda mamlakatimizda tibbiyot yoʻnalishida 5 ming nafardan koʻproq hindistonlik talabalar tahsil oladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//