“Treningchi”lar faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Saqlash
14:06 / 03.06.2024 716 0

Infoloʻttibozlar, millioner boʻlishga yordam beradigan “motivatorlar” , biznes-trenerlar va psixologlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ishlab chiqildi. Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmamatova maʼlum qildi.

 

Rasmiyning maʼlum qilishicha, “Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

 

“Joylarda oʻtkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda 2 yoki 3 oylik shubhali kurslarni tamomlagan shaxslar oʻzlarini “psixolog” deb tanishtirib, odamlarning qimmatli vaqti va mablagʻini “oʻgʻirlayotganligi”, bu masalani qonun bilan tartibga solish zaruratiga oid masala tez-tez koʻtarilib turgandi.

 

Koʻp millionli auditoriyani oʻzida jamlayotgan ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzatdik: haqiqatdan ham, 5-6 ta risolani varaqlab chiqib, odamlarning ishonchiga kirib, ularning ruhiy, maʼnaviy dunyosiga daxl qilayotgan “psixolog”lar koʻpayganini koʻrib turibmiz”, deydi Xolmamatova.

 

Qonunchilik palatasi deputati “psixologlar faoliyatiga oid qonunchilikni takomillashtirish shart va zarur”ligini taʼkidlar ekan, Qonunchilik palatasidagi bir guruh deputatlar hamkorlikda masalani chuqurroq oʻrgangani, mutaxassislar, ekspertlar bilan qayta-qayta uchrashib, muhokamalar oʻtkazilganini bildirgan.

 

“Bir necha oylik muttasil izlanishlardan soʻng Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdik va tez orada loyihani Palataga kiritishni rejalashtirmoqdamiz.

 

Demoqchi boʻlganim, hozircha ilk va muhim qadam qoʻyildi, psixologlar faoliyatiga oid huquqiy asos yaratiladi. Qonun loyihasida aks ettirilayotgan normalar va ularning mazmun-maqsadiga keyinroq toʻxtalib oʻtaman”, deydi deputat.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//