Saylov-2021: MSK qaroriga muvofiq 6 nafar xorijiy kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi

Saqlash
14:09 / 14.09.2021 1240 0


Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi,  O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish, O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari joy oldi.

 

Qayd etilganidek, joriy yilning 9-10 sentyabr kuni mazkur siyosiy partiyalar tomonidan tegishli hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari taqdim etilgan edi. Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tuzilgan Ekspertlar guruhi tomonidan tekshirildi.

 

Ekspert guruhi a’zolari har bir imzo varaqasini vizual o‘rganish jarayonida, ularning to‘g‘ri to‘ldirilganligiga, tuzatishlar kiritilganligiga, o‘chirib yozilgan tuzatishlar borligiga, turli shaxslar tomonidan to‘ldirilganligiga, o‘xshash imzolar borligiga, tasdiqlangan tuzatishlar borligiga va boshqalarga o‘z e’tiborini qaratishdi.

 

Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhining xulosasiga asosan taqdim etilgan imzo varaqalari nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun yetarli miqdorda to‘plangan va qonun talablariga mos keladi.

 

Shundan kelib chiqqan holda, majlis davomida mazkur partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonun talablariga mosligi inobatga olinib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Varisova Maksuda Azizovna, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Mirziyoyev Shavkat Miromonovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.

 

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq Yaponiya, Gruziya, Rossiya Federasiyasi, Tatariston va Belarus Respublikalaridan 6 nafar xorijiy kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.

 

Komissiya a’zolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi va  Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan yana 5 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 23 nafar vakili akkreditasiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 930 nafarni tashkil etmoqda.

 

Majlis so‘ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//