Abu Mansur Moturidiy


16:08 / 11.08.2023 1825 0

Abu Mansur Moturidiy (870–944) – Samarqandning Moturid qishlogʻida tugʻilgan, oʻrta asrlarda keng tarqalgan kalom ilmining musulmon olamidagi mashhur nazariyotchilaridan biri, yirik faqih (musulmon qonunshunosi) va mufassir (Qurʼoni Karim tafsirchisi), islom olamida keng tanilgan ilohiyotchi mutafakkir. Tarixiy asarlarda allomaning ismi toʻliq tarzda laqabi va nisbasi bilan birgalikda Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud ibn Muhammad Abu Mansur Moturidiy tarzida qayd etiladi. Moturidiy Abu Hanifaning sodiq izdoshi sifatida uning qarashlarini rivojlantirgan. Abu Hanifa amal mazhabini, Moturidiy esa eʼtiqod mazhabini ishlab chiqqan. Moturidiy faqatgina mutakallim (kalom, yaʼni Qurʼoni Karim maʼnolarini talqin qiluvchi) boʻlib qolmadi, balki yirik faqih va mufassir sifatida ham tanildi. Moturidiyning tafsir (Qurʼon sharhi) va taʼvil (Qurʼondagi yashirin maʼnolarni yoritish)ga oid (Masalan, “Taʼvilotu Abu Mansur Moturidiy fit-tafsir” yoki “Taʼvilotul Qurʼon”), “Mo ahaz ash-sharoiʼa” (“Shariat asoslari manbasi”), “Kitab al-jadal” (“Dialektika haqida kitob”) kabi asarlari mashhur. Bulardan tashqari, “Kitab al-usul” (“Diniy taʼlimot usuli kitobi”) asari borligi ham maʼlum. Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida Abu Hanifaning qarashlariga suyanib, oʻsha vaqtlarda islom olamida keng tarqalgan turli buzgʻunchi gʻoyalar, taʼlimotlar va harakatlarning mohiyatini ilmiy asosda rad qilish bilan butun musulmon dunyosi eʼtirofiga sazovor boʻldi. Moturidiy zamonasining mashhur allomalaridan taʼlim olgan. Tarixchilar ulardan quyidagi toʻrt nafar allomani alohida ajratib koʻrsatganlar: Abu Nasr al-Iyoziy as-Samarqandiy, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy, Nusayr ibn Yahyo al-Balxiyil Moturidiyning barcha ustozlari fiqhda Abu Hanifaga tayandilar, bu oxir-oqibatda hanafiy mazhabiga oid turli fiqhiy maktablar vujudga kelishiga sabab boʻldi. Moturidiyning shogirdlari yirik olimlar, oʻz davrining yetuk shayxlari hamda moturidiyya Samarqand kalom ilmi maktabining vakillari boʻlishgan va islom olamining ilmiy, madaniy, maʼnaviy taraqqiyoti uchun xizmat qilgan edi. Isʼhoq ibn Muhammad Ismoil ibn Ibrohim ibn Zayd, Abu Qosim qozi, Hakim as-Samarqandiy, Abdulloh ibn Sahl az-Zohid Amr ibn Osim al-Marvaziylar Moturidiydan fiqh oʻrganganlar. Isʼhoq ibn Muhammad uzoq vaqt Samarqand qoziligidan bosh tortgan, “al-Hakim” unvonini olgan; Abdul Karim ibn Muso ibn Iyso Abu Muhammad al-Faqih al-Pazdaviy, an-Nasafiy; Abu Abdurahmon ibn Abullays al-Buxoriy, Abulqosim Isʼhoq ibn Muhammad al-Maʼruf Moturidiydan kalom va fiqh ilmlaridan saboq olishgan. Moturidiyning tengdoshlari ham alloma ilmiy salohiyati va merosini oʻrganishda muhim oʻrin tutadi. Ali ibn Saʼid, Abul Hasan ar-Rustugʻfaniy, Muhammad ibn Aslam ibn Muslima ibn Abdulloh ibn Mugʻiyra Amr ibn al-Azdiylarning Moturidiy haqidagi xotira va mulohazalari saqlanib qolgan.

 

2000-yilda buyuk mutafakkirning 1130-yillik yubileyi keng nishonlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish