Anorboy Eshmatov


11:05 / 14.05.2024 351 0

1958-yil 17-yanvarda Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida tugʻilgan.

1985-yili Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini tugatgan.

1980-yilda Paxtakor tumanidagi shirkat xoʻjaligi hisobchisi, brigada boshligʻi.

1997-yili “Anvar” fermer xoʻjaligi boshligʻi.

20122017 yillarda Jizzax viloyati fermerlar kengashi raisi boʻldi.

1999-yilda “Shuhrat” medali,

2004-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” unvoni,

2009-yilda “El-yurt hurmati” ordeni,

2013-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

20142019 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi boʻlgan.

 

Anorboy aka salkam yarim asrlik umrini Jizzax dashtu dalalarida oʻtkazayotgan, elu yurt farovonligi uchun kamarbasta zamondoshlarimizdan biridir. Fermer sifatida katta tajribaga ega. Paxta, gʻalla, chorvachilik kabi el turmushini obod, dasturxonini toʻkin qiladigan sohalarda toblandi. Sidqidildan mehnat qilib, qoʻralarda qoʻy-echkilar koʻpayishini amalda isbotlagan, parrandayu baliqchilik, asalarichilik kabi istiqbolli loyihalarda oʻz layoqatini sinagan, tinib-tinchimas fidoyi tadbirkor.

 

Anorboy aka maqtovni yoqtirmaydi, ammo viloyatda fermerlik, tomorqa xoʻjaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda uning ham ulkan ishtiroki borligini eʼtirof etmaslik mumkin ham emas. U, ayniqsa, “toʻqson bosdi” ekinlarini toʻla undirib olishning piri hisoblanadi. Respublikamizda fermer xoʻjaliklari yoppasiga mashgʻul boʻlayotgan, dehqonchilikning ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolgan, sal boʻlmasa, unutilib ketayozgan “toʻqson bosdi” usuli sharofati bilan bozorlarimizda piyoz, sarimsoq kabi ekinlar moʻl boʻladi. Chunki mamlakatimizda aksariyat fermer xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari bu usulda yoppasiga shugʻullanishmoqda.

 

Respublikamizda qaysi viloyatning yer baniteti qanaqa, ekin-tikinni maʼmur qiladigan suv inshootlari qay darajadaligini yaxshi biladiganlarga maʼlumki, Jizzax viloyatining aksariyat tumanlarida, asosan togʻli hududlarda suv muammosi shu paytgacha fermerlik yoki tomorqa xoʻjaliklarini yuritib, foyda koʻraman degan aholining oyogʻidan tortib kelayotgan edi. Hozir viloyat fermerlar kengashi oʻz hisobidagi maxsus texnika vositalari yordamida joylarda artezian quduqlarini qazib berish yoʻli bilan mazkur muammoni hal etmoqda. Har bir artezian qudugʻi uchun davlat tomonidan 120 million soʻmlik “0” qiymatida subsidiya ajratilmoqda. Bu degani dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullanaman, tomorqamdan moʻl hosil olib, turmushimni farovon qilaman, oila aʼzolarimni ish bilan taʼminlayman, degan aholi uchun katta imkoniyat.

 

Anorboy Eshmatov fermer xoʻjaliklari, xususan tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar, aholi turmush sharoitidagi oʻzgarishlar haqida toʻlqinlanib soʻzlaydi:

 

– Turmushimizdagi tub oʻzgarishlarning qaysi birini aytib beray, qishloqlarni obodonlashtirish dasturlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar koʻz oʻngingizda namoyon boʻlmoqda. Bunga birgina “Manas” qishlogʻining obod qoʻrgʻonga aylangani misol boʻla oladi. Ayni paytda viloyatda 7 ming 200dan ziyod fermer xoʻjaligida 43 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Gʻalla toʻliq fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilayotir. Yaqin oʻtgan yillarda faqat paxta va gʻalla yetishtirib kelingan hududlarda bogʻdorchilik, sabzavotchilik, polizchilik hamda uzumchilik ham jadal rivojlantirilmoqda. Fermer va dehqonlar, tomorqa yer egalari kartoshka, sabzavot, turli bogʻdorchilik mahsulotlaridan moʻl-koʻl hosil yetishtirishmoqda.

 

Keyingi yillarda goʻsht va goʻsht mahsulotlariga boʻlgan talabning oshib borayotgani munosabati bilan chorvachilik sohasiga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Fermerlar tomonidan qoʻy, echki kabi mayda tuyoqli mollar, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik kabi istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, qishloq xoʻjaligi sohasida erishilayotgan yutuqlar faqat dehqonlarning hayotidagi oʻzgarishgina emas, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning tarkibiy qismidir.

 

Sohadagi oʻzgarishlar samarasi xalqimizning farovonligiga muhim hissa boʻlib qoʻshilib, odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashlariga olib kelayotir. Bu davlatimiz rahbarining xalqimiz turmush tarzini yaxshilash uchun olib borayotgan izchil siyosatining natijasidir.

 

Anorboy Eshmatov qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlar zamirida yerga, dehqonchilikka zargarona munosabatning ifodasini koʻrish mumkin. Xalq ertaklarida boylik qoʻl yetmas joylarda yashiringani yoki ularni shafqatsiz kuchlar odamzoddan himoya qilib turishi koʻp vasf etiladi. Anorboy akaning faoliyati har qanday sehr-jodudan, ajdahoyu devlardan qoʻrqmay, xazinani topish uchun jiddiy jahdu jadal qilgan va oxir-oqibat maqsadiga erishgan bahodirning jasoratiga oʻxshaydi. U dehqonchilikda hammaning yuragi betlamaydigan tashlandiq joylarda chamanzorlar barpo etish bu joylarni chinakam xazina manbaiga aylantirish bilan dong taratdi. Uning saʼy-harakatlari tufayli taqir joylarga suv chiqarildi, bir mavsumda 3-4-marta hosil undirish imkoni topildi. Dalada ter toʻkayotganlarning mehnati chinakamiga qadr topdi, ularning roʻzgʻoriga qut-baraka kirib, farovon hayot kechira boshladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//