Turgʻun Azlarov


12:05 / 14.05.2024 426 0

1953-yil 2-avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan.

1975-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ni tamomlagan. Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.

1999-yili “Shuhrat” medali,

2008-yili “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni,

2013-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

1999-yildan ayni kungacha Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 40-maktabda matematika va informatika fani oʻqituvchisi.

 

Ilm yoʻlini igna bilan quduq qazishga qiyoslashadi. Turgʻun Azlarov hech ikkilanmay ana shunday mashaqqatli yoʻlni tanladi matematika fani va shaxsiy kompyuterlarning matematik taʼminoti mutaxassisligi boʻyicha taʼlim oldi. Shu yoʻlda ilmiy tadqiqotlar olib borib, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻldi.

 

Turgʻun Azlarov faoliyatini 1975-yilda hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining Amaliy matematika va mexanika fakultetida oʻqituvchi vazifasida boshladi va 1988-yilgacha matematika, informatika fanlaridan talabalarga saboq berdi. Keyin maktabga ishga oʻtib, bolalar dilida oʻzi sevgan fanlarga muhabbat uygʻotishni ixtiyor qildi. Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 40-umumiy oʻrta taʼlim maktabida matematika va informatika fanlari oʻqituvchisi boʻlib ishladi.

 

Shu yillar davomida yurtimizning buguni va ertangi fani rivojiga oʻz hissasini qoʻshadigan qanchadan qancha mutaxassislar yetishib chiqishida oʻz hissasini qoʻshmadi, deysiz.

 

Turgʻun Azlarov ­- informatika fani boʻyicha mamlakatimizda koʻzga koʻringan mutaxassislardan. Katta tajribaga ega, yuqori malakali, oʻqitishning zamonaviy usullarini qoʻllovchi, izlanuvchan, ijodkor oʻkituvchi. Bugungi shiddatkor davrda taraqqiyot zamonaviy axborot texnologiyalari rivojiga bogʻliqligini chuqur anglagan ustoz muallim fanga doir darslik majmualari yaratish, dastur va rejalar tuzishga alohida eʼtibor qaratmoqda, ular asosida respublika maktablarida 1988­-1989 oʻquv yilidan informatikaga ixtisoslashgan sinflar. 1992­1993 oʻquv yilidan informatika fanini chuqur oʻrgatuvchi litsey sinflari tashkil etilgan. Oʻnlab ilmiy-metodik risolalari, xususan, 8­9-sinflar uchun nashr etilgan “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” fani boʻyicha dastur va darsliklari umumiy oʻrta taʼlim tizimida keng qoʻllanilmoqda. Uning muallifligida 1998­1999-yillarda mazkur fan boʻyicha dastur ishlab chiqilib, keng doirada sinov dan oʻtkazildi. Ushbu dasturga muvofiq 2001-yilda “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” fani boʻyicha 8-sinflar uchun darslik nashr etildi. Mohir muallim 2002-yilda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklari tomonidan “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” deb eʼtirof etildi.

 

Turgʻun Azlarov umumiy oʻrta taʼlim tizimida informatika fanini oʻqitish joriy etila boshlangan kundan hozirgacha maktabda dars berish bilan birga, oʻqituvchilarning malakasini oshirish, oʻquv-metodik adabiyotlarni tayyorlash ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Qirq yillik faoliyati davomida zamonaviy axborot texnologiyalari sohasi boʻyicha yuzlab salohiyatli kadrlar tayyorlashga katta hissa qoʻshdi.

 

­- Buyuk ajdodlarimizning ilmu fandagi kashfiyotlari bugungi avlodlarni ham izlanishga undamoqda, ­ deydi Turgʻun Azlarov. ­- Mamlakatimizda axborot texnologiyalari rivojiga katta eʼtibor qaratilayotgani yoshlarimizni ulugʻ ajdodlarga munosib farzand boʻlib kamolga yetishga ruhlantiradi.

 

Turgʻun Azlarovning 90 dan ortiq ilmiy-metodik risolalari nashr qilingan. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarning 8-9 sinflari uchun nashr etilgan “Informatika” fani boʻyicha Davlat taʼlim standartlari, dastur va darsliklarning mualliflaridan biridir. Ishlanmalari respublikamizda ushbu fan boʻyicha meʼyoriy hujjatlardan biri boʻlib xizmat qilib kelmoqda. Uning “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan davlat taʼlim standarti va oʻquv dasturi”, “Informatika taʼlimining tabaqalashgan mazmuni”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslarini oʻqitishning jahon tajribalari”, “Bank sinflarida informatika taʼlimi”, “Informatika taʼlimining tayanch mazmuni”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan taʼlim standartlarini ishlab chiqish texnologiyasi” kabi ishlari informatika taʼlim tizimidagi fundamental izlanishlar sirasiga kiradi. Turgʻun Azlarovning “Informatikadan olimpiada masalalarini yechish”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan olimpiada testlarini tuzish” kabi qator ilmiy asarlari chop etilgan.

 

Turgʻun Azlarov ­ Oʻzbekiston xalq maorifi aʼlochisi (1988), Metodist-oʻqituvchi (1989), Novator-oʻqituvchi (1991), Ixtirochi-oʻqituvchi (1992), Xalq taʼlimi fidoiysi (1994).

 

Muallim yoshlarga saboq berish bilan birga, faol jamoatchi hamdir. U jamoat ishlarida ham xalqimiz ishonchini qozondi va 2014-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan saylovlarda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga saylandi, xalq vakili sifatida faoliyat olib bordi.

 

Turgʻun Azlarovning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Xususan, u “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgan kundagi kechinmalarini xotirlarkan, shunday deydi:

 

­ Mana shunday yuksak eʼtiborga loyiq topilganimdan nihoyatda mamnun boʻldim. Shu bilan birga, bu ishonch zimmamga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Hali oldinda qilinajak ishlarim bisyor ekanligini his etdim.

 

Ustoz muallim hanuz safda: Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 40-umumiy oʻrta taʼlim maktabining matematika va informatika fanlari oʻqituvchisi boʻlib ishlab kelmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//