Sodiqjon Turdiyev


12:05 / 15.05.2024 365 0

1952-yil 3-dekabrda Andijon viloyati Shahrixon tumanida tugʻilgan.

1975-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini tamomlagan.

2005–2012-yillarda Asaka tumanida “Asaka jilosi” fermer xoʻjaligiga rahbarlik qilgan.

2012–2017-yillarda Oʻzbekiston Fermerlar kengashi raisi (oʻrindoshlik asosida).

2013–2017-yilarda OʻzLiDep siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi.

2015–2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari.

2017–2020-yillarda Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimi.

2017–2019-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi.

2012-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining oʻrinbosari boʻlib ishlamoqda.

 

Mustaqillik koʻplab yurtdoshlarimiz qatori Sodiqjon Turdiyevning hayoti va faoliyatida keskin burilish yasadi.

 

Jalaquduq tumaniga hokim boʻlgan yillari tuman paxta va gʻalladan yuqori hosildorlikka erishib, rejalarni 109 – 116 foizga bajardi. Uning tashabbusi bilan hosildorligi past boʻlgan 201 gektar paxta va gʻalla maydonlariga qayta ishlov berilib, takroriy sabzavot va poliz ekinlari yetishtirildi, tumanning eksport salohiyati 104 foizga oshirildi. Shuningdek, tumanda 10 ta yirik sanoat korxonalari tashkil etilib, 2 mln AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etildi.

 

Tumanda sanoat korxonalarini qurishga alohida eʼtibor qaratilib, 9108 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishildi. 2017–2019-yillarda namunali loyihalar asosida koʻplab zamonaviy uylar qurilib, aholiga topshirildi. Bu yillar ichida hududda 235,1 km ichimlik suvi tarmoqlari yangi qurilib, 16 ta suv quduqlari ishga tushirildi. 7,6 km ichki yoʻllarga asfalt bosilib, 86,5 km yoʻllarda shebenlash va shagʻallashtirish ishlari amalga oshirildi.

 

Sodiqjon Turdiyevning respublikamiz ijtimoiy-siyesiy hayotidagi faol ishtirokini alohida taʼkidlash lozim. Qishloq xoʻjaligida boshqarishning zamonaviy usuli fermerlik harakati boshlangach, bu jiddiy yumushni mamlakat boʻyicha boshqarish tuzilmasiga ehtiyoj tugʻildi va respublika Fermerlar kengashi tuzildi. Uning boshqaruv raisligiga Sodiqjon Turdiyevning tanlanishi bejiz emasdi. U yurtimizda birinchilardan boʻlib “Asaka jilosi” fermer xoʻjaligini tuzgan, bu jamoaning yutuqlari koʻpchilikning havasini keltirgan edi. “Asaka jilosi” ham oʻzbekona dehqonchilik anʼanalarini amaliyotga joriy etayotgan, ham chet ellarda fermerlik boʻyicha qoʻlga kiritilgan yutuqlarni faoliyatida qoʻllayotgan yangi koʻrinishdagi zamonaviy xoʻjalik edi. Uning saboqlari, maktabi Sodiqjon akaga respublika tashkilotini boshqarishida qoʻl keldi.

 

Liberal-demokratik partiyani tuzish, xalq orasida uning obroʻsini oshirish, umuman, kundalik hayotga kirib borib, dolzarb muammolarga yechim topadigan zamonaviy siyosiy tuzilma boʻlib shakllanishida Sodiqjon Turdiyevning jamoatchilik asosida ijroiya kengashi raisi boʻlib ishlashi ayni muddao boʻldi. Hayotda toʻplanib qolgan va taraqqiyotga xalal berayotgan muammolarning siyosiy yechimini topish oson boʻlmadi. Umuman, Sodiqjon Turdiyev mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida oʻta faol.

 

Qishloq xoʻjaligi sohasidagi uzoq yillik mehnatlari, Vatanimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun qoʻshgan hissasi, keng miqyosli tashkilotchilik faoliyati zoye ketmadi Sodiqjon Turdiyev “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. Saʼy-harakatlari oʻzining munosib bahosini oldi.

 

Bugungi kunda u ustoz, faol va joʻshqin mehnat bilan band. Uning atrofida doimo yoshlar, shogirdlari, jurnalistlar, yangi ish boshlamoqchi boʻlgan tadbirkorlar gavjum boʻladi. Axir yoshing oʻtgan sari sening tajribang va aql-idroking yurtdoshlaringga quyosh nuri kabi harorat baxsh etib turishidan ortiq baxt bormi?!

Ayni kunlarda milliy boshqaruvning eng demokratik shakli sifatida Mahalla institutiga katta eʼtibor berilayotgan va kuchaytirilayotgan bir paytda katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan Sodiqjon Turdiyev respublika Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga ishga taklif etildi. Nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, keksalar va faxriylar bilan ishlash, ularning ijtimoiy faolligini rivojlantirish, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, kelajagimiz egalari maʼnaviyatida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash singari bugungi kunning dolzarb masalalari yechimida oʻz tajribalaridan foydalanmoqda.

 

Vazirlikning Sodiqjon aka Turdiyev rahbarlik qilayotgan boshqarma va boʻlimlari tomonidan viloyatlar va tumanlarda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda esa “Keksalar maslahati” guruhlari va “Buvijonlar maktabi” kengashlari tashkil etilgan boʻlib, xalqimizning milliy urf-odatlarini asrash va rivojlantirish boʻyicha targʻibot tadbirlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, oilalar tinchligi va mustahkamligini saqlash, umuman, milliy turmush tarzimizni barqaror qadriyatlar asosida tashkil qilish yuzasidan ibratli tadbirlar muntazamlik kasb etdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//