Qobiljon Abidov


07:05 / 23.05.2024 395 0

1951-yil 20-aprelda Andijon viloyati Xonobod shahrida tugʻilgan.

1972-yilda Andijon Paxtachilik institutini tamomlab, Andijon suv qurilish tresti boshqarmasida ish faoliyatini boshlagan.

1986–1987-yillarda Andijon suv qurilish tresti boshqaruvchisi,

1987–1988 yillarda Andijon suv qurilish-montaj ishlab chiqarish boshqarmasi boshligʻi vazifalarini bajargan.

1988–1992-yillarda Marhamat tumani hamda Andijon shahrida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

1993–1996-yillarda Andijon viloyati hokimi boʻlgan.

1996–1997-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari boʻlib ishlagan.

1997–2004-yillarda Andijon viloyat hokimi lavozimida mehnat qilgan.

1995-yili “Mehnat shuhrati” ordeni,

1998-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoniga sazovor boʻlgan.

 

Qobiljon Abidov qishloq xoʻjaligi sohasida koʻp yillar mehnat qilib, bilimdon mutaxassis, odamlarni katta maqsadlar yoʻlida birlashtira oladigan tashkilotchi, malakali kadrlarni toʻgʻri tanlab, joy-joyiga qoʻyadigan va xodimlar mehnatini qadrlab, qoʻllab-quvvatlaydigan jonkuyar rahbar boʻlib tanildi.

 

Qobiljon aka rahbar sifatida oʻziga va ishchi-xodimlarga oʻta talabchan, deydi u bilan uzoq yillar birga ishlagan Hamidullo Xalilov. Avvalo ishchi-xodimlarga unumli, yaxshi ishlash, koʻngilli dam olish uchun toʻkis sharoitlar yaratib qoʻyardi. Suv qurilish tresti boshqarmasida oʻn ikki mingdan ortiq ishchi-xizmatchilarga bosh boʻldi. Faoliyati davomida texnika vositalarining yarmidan koʻpi zamonaviylariga almashtirildi. Natijada ishlab chiqarish samaradorligi va shunga mos ravishda ish haqi ham muntazam ortib borgan.

 

Qobiljon Abidov Marhamat tumani hamda Andijon shahrida birinchi rahbar boʻlib ishlagan yillari sanoat, qishloq xoʻjaligi, madaniy-maishiy, tibbiyot va taʼlim sohasini rivojlantirish, hududlarni obodonlashtirishga alohida eʼtibor qaratdi. Andijon shahrining qaysi tomonidan kirib kelinsa ham, kattayu kichik yoʻllarda bahordan kuzgacha gullar ochilib turgani ovoza boʻlib ketdi. Mustaqilligimizning ilk yillarida bu tashabbus qoʻshni viloyatlarga ibrat boʻldi. Qobiljon Abidov Andijon viloyati hokimi lavozimida ishlagan yillarda gʻalla bilan bogʻliq muammolarni hal etish, don yetishtirishni tizimli tashkil etishga kirishdi. Buning uchun avvalo urugʻchilikni izga solish, serhosil navlarning mahalliy sharoitga moslashuvini ilmiy jihatdan oʻrganish, qisqasi, seleksiya maktabini yaratish zarur edi. Uning tashabbusi bilan tuzilgan ishchi guruhlar boshoqli ekinlardan sifatli va yuqori hosil yetishtirishda ilgʻor maktablarga aylangan xorijiy gʻallakor xoʻjaliklar tajribasini oʻrganib keldi. Yetishtirilgan don hosilini tozalash, saralash, zararkunandalarga qarshi ishlov berishgacha boʻlgan jarayonga Germaniya texnologiyasi joriy etildi, sakkiz joyda urugʻlik tayyorlovchi “Petkus” rusumli universal texnologiyalar oʻrnatildi. Bu tashabbus mamlakatda gʻalla barqarorligini taʼminlashga poydevor boʻldi. Andijonda tashkil etilgan don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutida seleksiya maktabi paydo boʻldi, bu yerda yaratilgan “Chillaki” navi hamon xaridorgir, aksariyat viloyatlarda ekilmoqda.

 

Oʻsha yillari paxta mavsumi uch-toʻrt oylab davom etishi natijasida xarajatlar ortib, daromad kamayishi. paxtakorlardan tortib paxta terimiga jalb etiladigan minglab odamlarning, hatto qishgacha dalada qolib ketishi odatiy holga aylangandi. Qobiljon Abidov bu masalada ham bosh qotirib, mukammal agrotexnologiya yaratish ustida ish olib bordi. Shu maqsadda chigitni plyonka ostiga ekish, paxtaning ertapishar navlarini yaratish, qayta ishlovchi korxonalar texnologiyalarini takomillashtirish ishlari amalga oshirildi. Tinimsiz izlanish va fidoyi mehnatlar samara berdi – avgust oyidayoq 40 dan ziyod xoʻjalik va ayrim tumanlar paxta tayyorlash rejasini bajarishi, viloyat miqyosida esa sentyabr oyidayoq moʻljaldagi xirmonning yaratilishi oddiy voqelikka aylandi.

 

Mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasi uchun 1998-yili Qobiljon Abidov “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni hamda “Oltin yulduz” medali bilan taqdirlandi.

 

Qobiljon Abidov nafaqaga chiqqan boʻlsa-da, mehnat, izlanish, ezgu ishlarga hissa qoʻshishga odatlangan inson sifatida hozirgi kunda ham el-yurt ravnaqi yoʻlida kamarbasta. U 2016-yilda Andijon oʻrmon xoʻjaligiga rahbar etib tayinlanganda. xoʻjalik 2 ming gektar yer maydoniga ega boʻlib, yillik daromadi 430 million soʻmni tashkil etar, 100 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qilardi. Adirliklar, daryo va soy qirgʻoqlarini oʻzlashtirish evaziga 2020-yilga kelib oʻrmon xoʻjaligining yer fondi 10 ming gektarga yetdi. Yalpi daromad 8,2 milliard soʻm boʻlib, buning hisobiga mustahkam moddiy-texnik baza yaratildi, doimiy va mavsumiy ishlovchilar soni 700 nafardan ortdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//