Nikolay Kucherskiy


07:05 / 23.05.2024 282 0

1937-yil 21-iyulda Ukrainaning Melitopol shahrida tugʻilgan.

1961-yilda Dnepropetrovsk konchilik institutini kon muhandisi mutaxassisligi boʻyicha tugatgan.

Navoiy viloyatining Uchquduq shahrida kon ustasi vazifasida mehnat faoliyatini boshlagan.

1985-yilda Navoiy konmetallurgiya kombinati bosh direktori etib tayinlangan.

“Doʻstlik”, “El-yurt hurmati”. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.

2018-yilda vafot etgan.

 

Oʻzbekiston zaminida moddalar davriy tizimida qayd qilingan barcha elementlar borligi allaqachon tan olingan. Ularni qazib olish va qayta ishlab, aholi farovonligi yoʻlida istifoda etish jamiyat hayotida katta ahamiyatga ega. Bepoyon Qizilqum kengliklari bagʻrida qad rostlagan gigant korxonalarda minglab odamlar mehnat qilib kelmokdalar Bu sanoat majmualarida dunyoning turli ilmiy maskanlarida kashf qilingan yangiliklar ishlab chiqarishga joriy etiladi. Bu jarayonda xalqning koʻplab qahramonlari tarbiyalanib, voyaga yetadi. Turli din va millatdagi odamlar maqsadlar umumiyligi shiori ostida birlashib, inson salohiyatining nodir qirralarini namoyon etishadi.

 

Jumladan, 1958-yili Uchquduqda, markaziy Kizilqumda uran kombinatining qurilishi keng quloch yeydi. Shundan uch yil oʻtgach, bu yerda muhandis-shaxta quruvchisi diplomi bilan kelgan yosh mutaxassis Nikolay Ivanovich Kucherskiyning ish faoliyati boshlandi...

 

Dnepropetrovsk konchilik institutini kon muhandisi mutaxassisligi boʻyicha tugatib, shu yili Oʻzbekistonga kelib Uchquduq shahrida kon ustasi vazifasiga qabul qilindi. Shu konda oʻn yil davomida uchastka boshligʻi, karyer boshligʻi, ochiq kon boshligʻi pillapoyalarini bosib oʻtdi. Nikolay Ivanovich keyingi 14-yilda oltin olish majmuasida Markaziy kon bosh qarmasining bosh muhandisi lavozimida faoliyat yuritdi.

 

U 1985-yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining bosh direktori etib tayinlandi.

 

Nikolay Ivanovich ishlab chiqarish sohasini puxta bilishi ulkan tajribasi tufayli mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoatining yirik loyihalariga rahbarlik qildi. Nikolay Kucherskiy rahbarligi davrida bor kuch-gʻayratini bilimini oltinni ochiq usulda qazib olishni jadal rivojlantirishga sarfladi. Ayniqsa, Zarafshon, Uchquduq oltinni qayta ishlash majmualarini tashkil etish va yanada rivojlantirishga, uran qazib chiqarishni quduq burgʻilagan holda yer ostida tanlab eritishdek kamchiqim usulga oʻtkazishga katta hissa qoʻshdi. Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarga oʻzining munosib hissasini qoʻshish va rivojlangan infratuzilmaga hamda ijtimoiy soha obyektlariya ega boʻlgan Navoiy, Zarafshon, Uchkuduk, Zafarobod, Nurobod kabi zamonaviy shaharlar qurilishi va obodligida ham oʻzining fidoyiligini koʻrsatdi. Texnika fanlari doktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan muxandis, Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutining faxriy professori Nikolay Ivanovich Kucherskiy katta ilmiy-tadqiqot ishlari olib bordi. U 150 ga yaqin ilmiy ishlar va kon-metallurgiya sohasidagi 14 ta ixtiro muallifi.

 

Nikolay Kucherskiyning Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlash, kon-metallurgiya sanoatini jadal rivojlantirishga qoʻshgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. 1996-yilda unga oliy mukofot – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berildi. Shuningdek, u 1994-yilda “Doʻstlik”, 2000-yilda “El-yurt hurmati” va 2007-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

 

Nikolay Kucherskiy oʻzining samimiyligi, barchaga birdek mehribonligi, odamlarni tinglay va tushuna olishi, shuningdek, insonlardan qoʻlidan keladigan barcha yordamini ayamasligi bilan kishilarda yaxshi taassurot qoldirar edi.

 

Kucherskiy oʻz ishining haqiqiy ustasi hisoblanardi. Uning oʻzi shu narsaga amin ediki, chuqur kasbiy mahorat va bilim egasi boʻlmasdan kon-metallurgiya kombinatidek ulkan majmuaga rahbarlik qilish mumkin emas. Chunki notoʻgʻri qabul qilingan bitta qaror ishlab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlari tufayli bu yerdagi minglab odamlar uchun tuzatib boʻlmaydigan xatoga aylanishi mumkin.

 

Amerikaning biografiya instituti jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan insonlarni taqdirlab boradi. 2004-yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati direktori Nikolay Kucherskiy “Yil odami” eʼtirofi va “Mustahkam iroda va yutuqlari uchun” medali bilan taqdirlandi. Nikolay Kucherskiy bu yuqori unvonga yana ikki marta, yaʼni 2000 va 2003-yillarda ham sazovor boʻlgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//