Oʻzbek yozuvchi-shoirlari hayotidan qiziqarli voqealar


Saqlash
10:11 / 14.11.2023 1 2020

Erkin Vohidovning har oyda bir marta boʻlib turadigan “gap”i boʻlgan. “Gap” 2016-yilning bahorida professor Umarali Normatovning osh tortishi bilan yakun topgan. Ushbu tovoqdoshlik soʻnggi nuqtasiga yetishidan uch-toʻrt yil yil oldin Erkin Vohidov “Bugun men navbat beryapman, siz “tuyoq” boʻlaqoling”, deya Anvar Obidjonni oʻtirishga boshlab boradi. Oʻsha kuni Taxtapul sharsharasi biqinidagi restoranda boʻlgan ziyofatda “gapchi”lardan bir nechtasi olamdan oʻtib ketdi, endi safni toʻldirish uchun Iqbol Mirzo, Shuhrat Rizayev, Xurshid Doʻstmuhammad, Hamidulla Boltaboyev, Anvar Obidjonni ham ulfatchilikka qoʻshsak, degan taklif kiritiladi.

 

Shunda Anvar Obidjon restoran yoki kafelarda koʻpchilikka bu qadar toʻkin dasturxon yozishga choʻntagining doim ham qurbi yetavermasligini aytishdan iymanib, “Sizlar ziyofatga xotinlaringiz bilan kelar ekansizlar, meniki gʻirt qishloqi, bunaqa aralash oʻtirishlarga borib oʻrganmagan”, deya bahona qilib, uzr soʻraydi. Bunday kutilmagan gapdan hamma tuyqus jimib qolgan paytda Erkin Vohidov oʻrtaga soʻz tashlab, vaziyatni yumshatadi:

– E, sodda boʻlmay keting! Bu yerda oʻtirganlarning bittasiyam xotiningizni tanimaydi. Bizniki mana shu deb birorta bazmbozroq ayolni koʻchadan yetaklab kelavermaysizmi?!

 

* * *

Matnazar Abdulhakim bir kuni Shovot tumanidagi chorvachilik xoʻjaligidagi “Navoiyxonlik” tadbiriga mehmonga boradi. Shoir choʻponlar, podachilar, buzoqboqarlar, sutsogʻarlar, traktorchilar, mol doktorlari va ferma mudiri jam boʻlgan xonada Alisher Navoiy gʻazallaridan oʻqib, soʻzma-soʻz sharhlab beradi.

Ikki soat davom etgan anjuman yakunida shoir zaldagilarga qarata:

– Endi bizga qanday savollaringiz, fikrlaringiz boʻlsa, marhamat, tortinmanglar – deydi.

 

– Menda fikr bor, deya qoʻl koʻtarib oʻrnidan turadi shu payt orqada tishini qisib oʻtirgan ferma mudiri. – Uchrashuv juda mazmunli oʻtdi. Alisher Navoiy hazratlariga ham, sizga ham katta rahmat! Biroq, aybga buyurmaysiz, men qoʻl ostimdagi chorvadorlarning dunyoqarashini yaxshi bilaman. Ularning xayolini hozir ulugʻ shoirimizning gʻazali emas, vaqtida qochirilmay qolayotgan gʻunajin, sogʻish vaqti oʻtib borayotgan sigirlar-u, ichi oʻtgan buzoqlar egallab olgan...

Shoir miyigʻida jilmayadi, zalda esa gurullab kulgi yangraydi.

 

* * *

Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan yoshlarning Zomin seminarida qatnashchilar ijodidan hech koʻngli toʻlmayotgan shoir Usmon Azim futbol boʻyicha jahon chempionatini koʻrayotib, yonidagi yigitchaga soʻz qotibdi:

– Mana bularning oʻynashiga bir qara, shu ham oʻyinmi?! Xuddi shoira qizlarimizga oʻxshaydi...

– Nega ustoz? – soʻrabdi havaskor yosh shoir.

– Koʻrmayapsanmi, na shasht bor, na ishtiyoq... Juda past oʻyin boʻlyapti!

 

* * *

Bir kuni sheʼrxonlik kechasida bir yigit berilib sheʼr oʻqiydi. Buni kuzatayotgan shoir Iqbol Mirzo undan:

– Bu kimning sheʼri? – deya soʻraydi.

Yigit hozirjavoblik bilan:

– Iya, bilmaysizmi, Abdulla akamni sheʼri-ku! – deydi.

– Qaysi Abdulla akangiz?

– Iya, tanimaysizmi, shu “geroy” Abdulla Oripov.

Gapga chechan yigit tadbir davomida yana uch-toʻrtta sheʼr oʻqiydi “Erkin akamdan (Vohidov), Muhammad akamdan (Yusuf)”, deya. Buni jim kuzatayotgan Iqbol Mirzo soʻzga chiqqanida yigitga qarata bir ruboiy oʻqiydi va yigitdan fikrini soʻraydi. Yigit:

– Zoʻr sheʼr ekan. Faqat buning muallifi kim? – deya savol beradi.

Shu mahal Iqbol Mirzo kinoyali qarab:

– Nahot tanimaysiz? Axir bu Umar akamni sheʼri-ku! – deydi. Yaʼni, Umar Hayyomning.

 

Rahmat Bobojon tayyorladi

 

 

1 Izoh

Anvar

13:11 / 19.11.2023

E baraka topinglar, o'qib juda mazza qildim. Hurmatli kanal ijodkorlari shunga o'xshash hikoyalardan kutib qolamiz.

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:07 / 25.07.2024 0 317
Sanskritchani biladigan “baxshi”

Qomus

10:07 / 19.07.2024 0 393
Musiqa

Bilasizmi?

14:07 / 11.07.2024 0 419
“Oqshom”mi, “ag‘sham”?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 210644
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 99709
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24801
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 24330
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18232
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17232
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16395
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14606
Ommaviy madaniyat

//