Amerikalik mashhur yetti egizak – ulardan nimani oʻrganish kerak?


Saqlash
18:05 / 07.05.2024 5 709

1997-yilning 19-noyabrida Amerikaning Ayova shtatida yashovchi Bobbi Makkogi oilasida yetti farzand dunyoga keldi. Ularning yana 2 yoshga yetmagan qizalogʻi ham bor edi. Chaqaloqlarni uyga olib kelgan Makkogilarga yaqinlari va ular umuman tanimaydigan odamlar ham yordam berishga shoshilishdi. Kimdir bir yillik makaron va pishloq yetkazib berishni oʻz zimmasiga olgan boʻlsa, baʼzilar navbati bilan enagalik qilishdi, goʻdaklar uchun bepul tagliklar berildi. Shuningdek, oilaga 464 kvadrat metrlik yetti xonali uy, yap-yangi furgon ham sovgʻa qilindi. Bir nechta universitetlar yettovlonga ulgʻayganidan soʻng bepul taʼlim berishni taklif etishdi. Mashhur libos brendlaridan biri esa bolalarni besh yoshgacha kiyim-kechak bilan taʼminlashni oʻz zimmasiga oldi. Shunga qaramay ota-ona boqimandalik yoʻliga oʻtib olmadi, aksincha, hovlisida turli meva-sabzavotlar yetishtira boshlashdi. Hatto pulni tejab ishlatishga harakat qilishadi. Eʼtiborli jihati agar ular qiynalayotganini aytib, yordam soʻrashganida, istaganlaricha koʻmak beradigan kishilar topilardi. Ammo ular qanoat bilan kun koʻrishadi, kamiga oyga 300 dollardan ham mablagʻ tejab qolishadi. Bobbining singlisi chaqaloqlarga qarash uchun ularnikiga koʻchib kelib, katta yordam beradi (Gʻarbda oqibat yoʻq derdik, ammo borakan). 

 

 

Makkogilar nafaqat tejamkor boʻlishga harakat qilishdi, balki farzandlariga narsalarni boshqalar bilan birga baham koʻrish borasida saboq bera olishdi: Yetti bola, bitta tort, toʻrtta sham – mana shunday nishonlanardi yettovlonning tugʻilgan kunlari. Menga eng taʼsir qilgan jihati, shuncha sharoit boʻlishiga qaramay, bitta tortga toʻrtta sham yoqib tugʻilgan kun oʻtkazisharkan, bolalarga sabr qanoatni, bir-biri bilan ulashishni oʻrgatishgani boʻldi. Axir, internetga bugun farzandlarimning tugʻilgan kuni, deb video joylashsa, har yoqdan tortlar, shamlar yogʻilib kelardi-ku! Anqovlar-ey!.. 

 

 

Jamiyatimiz uchun yana bir ajablanarli jihat – yettovlonning barchasi universitetda bepul oʻqishlari mumkinligiga qaramay, egizaklarning bor-yoʻgʻi toʻrt nafari oʻqishga topshirgan. Qolgan uchtasidan biri duradgor, boshqasi musiqachi boʻlishni tanlashgan. Yana bir nafari esa armiyada xizmat qila boshlaydi. Farzandlari mustaqil boʻlib ketgach, ota-ona uchun yetti xonali uy kattalik qiladi. Tabiiyki, bu qadar katta maydonli uyni juda qimmatga sotsa boʻlardi. Ammo ular jamiyatga qarzimizni qaytarishimiz kerak, degan maqsadda uyni farzandlarini otasiz katta qilayotgan ayollarga uy sovgʻa qiluvchi tashkilotga arzimagan narxga «sotishadi». Farzandlarini mustaqil hayotga uchirma qilgan er-xotin oʻzlariga yangi mashgʻulot topishadi. Ota mototsikl yigʻishni xobbi qiladi, ona esa oʻzlari kabi koʻp bolali oilalarga koʻngilli tarzda yordam bera boshlaydi. Jamiyatni tepada oʻtirgan toʻrtta odam yuksaltirmaydi. Men, sen, biz, siz, ular bilan rivojlanamiz. Har bir odam jamiyatdan yordam olishga haqli boʻlganidek, qarzni qaytarishga ikki baravar burchli. Hamma gap asli hech narsani SUIISTEʼMOL qilmaslikda. Qolgani vaqt masalasi.

 

Barno SULTONOVA

 

5 Izohlar

Gulnur

17:05 / 13.05.2024

Укиб жуда тасирландим. Хамма хам шу инсонлардек кунгли кенг булганда, шукир килганда хозирги кундаги нотинчоиклар булмас еди. Шу маколани ёзганинггиз учун рахмат

Baxtiyor

15:05 / 13.05.2024

Yaxshi insonlar ko'payaversin iloxim

abdulaziz

15:05 / 08.05.2024

Assalomu aleykum zo'r maqola ekan

Mehrangiz

13:05 / 08.05.2024

Atrofimiz tòla yaxshi insonlar hamma gao biz ularni kòra olishumizda shu manoli maqola 👏👏👏

Ozoda

09:05 / 08.05.2024

Qoyil juda ibratlik oila ekan, havasi keldi raxmat sizga shunday ajoyib maqola tayorlaganingiz uchun o'ta onangizga ham raxmat sizdek farzand o'stirganlar uchun

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 391
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 457
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 627
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206616
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96900
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23066
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22528
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17063
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16214
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14706
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12957
Ommaviy madaniyat