“Dunyo sahnasida “iyaruv-taqlid”ning ro‘lini hech bir millat biz turklar kabi ado eta olmag‘andirlar!” – Til islohotida bir asrda nimalar o‘zgarmadi?


Saqlash
09:03 / 15.03.2024 978 0

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ziyolilar o‘rtasida milliy o‘zlikni anglash hissi kuchaydi. Jadidlar taraqqiyotga erishishning bosh yo‘li ma’rifat ekanini anglagan holda, birinchi navbatda, yangi tipdagi maktablar ochish, zamonaviy oliy ta’limni yo‘lga qo‘yish, dunyo yangiliklarini xalq o‘rtasida tezroq targ‘ib qilishga kirishdilar. Matbuotni rivojlantirish, taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan illatlarni fosh qilish uchun teatr san’atini barpo etish, iqtidorli yoshlarni Yevropaning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish orqali milliy ongni shakllantirish, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishga urindilar.

 

Ushbu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida yangi usuldagi maktablar ochildi. Ularda darslar ona tilida olib borilib, dasturlarga dunyoviy fanlar ham kiritildi. Xo‘sh, ana shunday jarayonda maktablar uchun yoziladigan darslik va qo‘llanmalar qaysi tilda bo‘lishi kerak? Turkiy til va adabiyotni birlashtirish tarafdorlari bo‘lgan jadidlarning bir guruhi darslik va qo‘llanmalar usmonli turk tilida bo‘lishini ma’qulladilar. Bu haqda Fitrat quyidagilarni yozadi: “...Mana shunday kulinch bir holda qolgan burungi ziyolilarimiz: “tilimiz ilmiy, adabiy bir til emas ekan” degan kulinch bir qarashga keldilar. Mana shuning bilan maktablarimiz, yozuvlarimiz usmonlicha ta’siri ostida qoldilar. Toshkentda ochilgan kurslarda ona tili saboqlari uchun berilgan soatlarning ko‘prog‘i usmonlichaga berildi. Samarqandda ochilgan birinchi muallimlar kursiga esa ona tili degan saboq kiritilmadi. 1918-yildagi Maorif sho‘rosining bir majlisida shunday bir qaror berilgan edi: “Maktablarimizning ibtidoiy uch yilida ona tili o‘zbekcha o‘qitulsin, ondan so‘ng adabiy umumiy turk tili o‘qitulsin!” Bunlarning adabiy umumiy turk tili deganlari arabcha qotishgan usmonlicha edi”. Bu holat tabiiy ravishda jadidchilikning boshqa vakillari o‘rtasida e’tiroz tug‘dirdi.

 

XX asr boshlarida jadidlar tomonidan matbuotning yo‘lga qo‘yilishi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishi uchun ham qulay imkoniyat yaratdi. Avvalo, jadidlar xalqimizning ajoyib ma’naviy merosi bo‘lgan til masalasiga alohida e’tibor berdilar. Ular dastlab I.G‘aspiralining g‘oyasi bo‘yicha butun turkiy olamni birlashtirish, turkiy madaniyatni yuksaltirish, umumturkiy adabiy til va adabiyotni yaratish harakatida bo‘ldilar. Ana shu g‘oya ta’sirida bir qator gazeta va jurnallarda usmonli turkcha va tatarcha unsurlar aralash bo‘lgan bir tilda ko‘plab maqolalar bosildi. Umumturkiy tilni yaratishga gazeta sahifalarida targ‘ibot kuchaydi.

 

Matbuot tili jonli so‘zlashuvga asoslangan yangi o‘zbek adabiy tilining shakllanishiga ko‘proq xizmat qilishi mumkinligini matbuotni oldinroq yo‘lga qo‘ygan turkiy qavmlar tajribalaridan angladilar. Ashurali Zohiriy bu haqda quyidagilarni yozadi: “Totor qorindoshlarimizning hozirdag‘i til va adabiyotlarini bundan o‘n, o‘n besh yil ilgari chiqg‘on adabiyotlariga tatbiq qilinsa, qiyos qabul qilmaslik darajada tafovutlar bordurkim, bul darajada olarning tillarini kengg‘oymog‘i milliy va ona tilidog‘i gazetalari bilan bo‘ldi... gazeta va jurnollarning dunyo ahvolidan va boshqa to‘g‘rilaridan xalqg‘a xabar berib turmog‘idan va boshqa ulug‘ va ko‘zga ko‘runmoydurg‘on bir foydasi bo‘lurki, bu ona tilining kengg‘oymog‘i va mukammallashmog‘idur”.

 

Jadidlarning til masalasiga alohida e’tibor berishlari bejiz emasdi. Chunki ular tilga millatning eng asosiy qadriyatlaridan biri sifatida qaradi.  Xalq tilining yo‘qolishi millatining inqirozi, dunyo sahnasidan unitilishiga olib kelishini yaxshi angladilar. Qolaversa, matbuot tili jonli so‘zlashuvga asoslangan yangi o‘zbek adabiy tilining shakllanishiga ko‘proq xizmat qilishi mumkinligi matbuotni oldinroq yo‘lga qo‘ygan turkiy qavmlar tajribalaridan ayon. Ashurali Zohiriy e’tirof qilganidek, “Totor qorindoshlarimizning hozirdag‘i til va adabiyotlarini bundan o‘n, o‘n besh yil ilgari chiqg‘on adabiyotlariga tatbiq qilinsa, qiyos qabul qilmaslik darajada tafovutlar bordurkim, bul darajada olarning tillarini kengg‘oymog‘i milliy va ona tilidog‘i gazetalari bilan bo‘ldi... gazeta va jurnollarning dunyo ahvolidan va boshqa to‘g‘rilaridan xalqg‘a xabar berib turmog‘idan va boshqa ulug‘ va ko‘zga ko‘runmoydurg‘on bir foydasi bo‘lurki, bu ona tilining kengg‘oymog‘i va mukammallashmog‘idur”.

 

1905-yilda Butunrossiya musulmonlarining III syezdi I.G‘aspiralining tashabbusi bilan turkiy xalqlar maktablarining yuqori sinflarida “yagona turkiy til” o‘qitilishini majburiy qilib qo‘yadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “Umumturkiy til” qaysi til bo‘lishi kerak?

 

Tatar, ozarboyjon, o‘zbek tilidagi gazetalar, jurnallar sahifalarida bu masala yuzasidan maqolalar bosiladi. Xususan, tatar tilida chiqadigan “Vaqt” gazetasidagi maqolalarda tatar tili turkiy xalqlar uchun yagona adabiy til bo‘lishi lozimligi ta’kidlanadi. Peterburgda (tatar tilida) nashr etiladigan “Ulfat” gazetasi 1906-yil 5-iyul sonidagi Ali Qurqudning “Istanbuldan xat” maqolasida esa usmonli turk tili “umumturk tili” bo‘lishi qayd etilgan. Bunday qarashlar Ozarboyjon va O‘rta Osiyoda nashr etilayotgan boshqa matbuot sahifalarida ham aytilgan. Bu yerda, Vamberi aytmoqchi, umumturkiy til nazariyasini ko‘tarib chiqish bilan xalqlarning etnik chegaralarini hisobga olmay, turkiy xalqlar birligini tuzish ko‘zda tutilgan. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik ommaga tushunarli bo‘lmagan “umumtil” tez orada o‘z o‘rnini milliy tillarga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa ona tili himoyasi adabiy va madaniy kurashning ajralmas qismiga aylandi (А.К.Боровков, Узбекский литературный язык в период 19051917).

 

Ma’lumki, chorizm davrida milliy til masalasini hal qilishning iloji yo‘q edi, chunki bu milliy masalaning tarkibiy qismi hisoblanardi. Qolaversa, chor hukumatining Turkistonda rus-tuzem maktablarini ochib, mahalliy xalqlarni ruslashtirish siyosatiga zid edi. Hatto matbuotda mahalliy tillarning “kambag‘alligi va qo‘polligi” uqtirilib, Turkiston xalqining taraqqiyoti uchun rus tilini o‘rganish lozimligi targ‘ib qilinardi. Bularga qaramasdan, “Sadoyi Turkiston” gazetasi o‘zini turk tilidagi adabiy, iqtisodiy, ilmiy va mahalliy gazeta sifatida e’lon qildi (“turkcha”, “turk tili” u paytda hozirgi turklar tilini emas, turkiy til ma’nosini anglatgan). Ayni paytda, ayrim gazetalarda “o‘zbek”, “o‘zbek tili” degan atamalar ham uchraydi. Shunday qilib, adabiy til sohasida bir xil qarashning yo‘qligi bu davr adabiy tilida turli tillarga xos xususiyatlarning o‘zlashib qolishiga sabab bo‘ldi.

 

Rossiya imperiyasida o‘zbek tili hamda Turkistonning boshqa mahalliy tillariga ta’sir ko‘rsatish masalasi bo‘yicha keskin siyosat yuritilmagan bo‘lsa-da, sho‘rolar hokimiyatga kelishi bilan vaziyat tubdan o‘zgardi. O‘zbek tiliga ruscha hamda rus tili vositachiligidagi Yevropa tillariga oid so‘z va atamalar singdirilib bordi. O‘tgan asrning 20–30-yillarida ushbu so‘zlarni rus tili qonun-qoidalari bo‘yicha yozish va talaffuz qilish targ‘ib qilindi. Tabiiy yo‘llar bilan rivojlanib kelgan boy va qadimiy tilga bunday bosim o‘tkazilishi mudhish oqibatlarga olib keldi.

 

Rus tili talaffuz qoidalarining zo‘rma-zo‘raki joriy etilishi o‘zbek tilining fonetik ravonligiga putur yetkazdi, tilning ichki imkoniyatlaridan foydalanilmay turib, o‘zlashma so‘zlarning ko‘p miqdorda o‘ylamay-netmay qabul qilinishiga sabab bo‘ldi. Eng ayanchlisi shuki, jamoatchilikda hamda ziyolilarda har qanday atamalar, zamonaviy baynalmilal so‘z va iboralarni rus tilidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirish ko‘nikmasi shakllandi. Ayniqsa, ijtimoiy hayotning turli sohalarida qo‘llaniladigan so‘zlar va atamalar, umuman, terminologiyada jiddiy ziddiyatlar yuzaga keldi. O‘zbek tiliga ilm-fan, yurisprudensiya, harbiy soha, siyosat, madaniyat, bank-moliya sohalarida ikkilamchi o‘rin ajratildi, rus tilida hujjatlar yuritish, ruscha atamalarni qo‘llash, muzokaralarni, tadbirlarni rus tilida olib borish me’yorga aylandi. Bu holatni, ya’ni ko‘r-ko‘rona qabul qilishning yomon oqibatlarini o‘z vaqtida anglagan Fitrat shunday yozadi: “Dunyo sahnasida “iyaruv-taqlid”ning ro‘lini hech bir millat biz turklar kabi ado eta olmag‘andirlar! Biz qaysi bir millatning qaysi bir narsasiga taqlid etmoqchi bo‘lsak, o‘zimizning milliy ruhimizga qaramasdan taqlid etamiz. Arablar qaysi bir ulusdan qaysi bir so‘zni olg‘anda o‘z shevalariga ko‘ra buzub olg‘anlar. Bir arabni o‘ldirsangiz (ham) “Petrog‘rad-Petrasburg‘” demaydir. “Bitrojrad-Bitrasburj” deydir. “Fransik” demaydir “afranj” deydir. Shunday qilib, o‘z tilining istiqlolini saqlag‘an bo‘ladir”.

 

Behbudiyning “Til masalasi” maqolasida quyidagilarni o‘qiymiz: “Turklarning ba’zi toifasi forsiy va arabiyni u qadar ko‘p oldilarki, tillari turkiy, forsiy va arabiydan qo‘shulib, “usmonli tili” ataldi. Ushbu uch tilni adabiyot va til qoidalaridan boxabar bo‘lmaguncha usmonli shevasinda yozmoq mumkin emasdur”.

 

Behbudiyning fikricha, madaniyat, adabiyot qanchalik rivoj topsa, adabiy til ham shunchalik takomillashadi. Aksincha, madaniyat, san’at inqirozga yuz tutgan mamlakatda, tarqoqlik hukm surgan joyda shevalar rivojiga sharoit yaratiladi. Shevalar arab, fors elementlarining oz-ko‘pligi jihatidan ham farqlanishini bayon qiladi. Chunonchi, Buxoro, Samarqand shevalariga arab, fors tillarining ta’siri kuchliroq bo‘lsa, Qo‘qon va uning atrofidagi shahar ziyolilarining tilida bu tillarning ta’siri bor ekani, Toshkent va Sirdaryo muzofotidan arab va fors tillarining hukmi ozayib borishi aytiladi. Turkistonning Movarounnahr va Hazor qismiga turkman tilining ta’siri kuchli ekanini ko‘rsatadi. Adabiy til bilan xalq shevalari o‘rtasidagi munosabatni yaqinlashtirishda matbuotning roliga katta baho beradi. Jumladan, “Sadoyi Turkiston” gazetasida “mehmon” so‘zini chiqarib tashlab, uning o‘rniga “qo‘noq” so‘zini qo‘llash tavsiya etiladi. Behbudiy zo‘rma-zo‘raki keltirilgan turkiy muqobillar haqida fikr yuritarkan, tilni arabizm va forsizmlardan birdaniga emas, asta-sekinlik bilan tozalash lozimligini uqtiradi.

 

O‘zbek tilining arabiy, forsiy unsurlar bilan to‘lib-toshib ketgani, shuning uchun bu tilni o‘z ichki imkoniyatlari asosida rivojlantirish, xalq tiliga yaqinlashtirish zarurligi ko‘rsatiladi. “Yaxshi qo‘shningdan olguncha yomon uyingni qidir demishlar, – deb yozadi bu haqda Abdulla Avloniy. – Bobolarimizga yetushg‘on va yarag‘on muqaddas til va adabiyot bizga ham kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak, yo‘qolganlarini ham toparmiz”. Muallif kishilarning aloqa vositasi bo‘lgan tilga qanchalik e’tibor lozim bo‘lsa, bu tildan foydalanayotgan shaxslar tiliga (nutqiga) ham shunchalik e’tibor kerakligini ta’kidlaydi: “Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm-fazlini o‘lchab ko‘rsatadurg‘on tarozusidir. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so‘zlagan so‘zidan bilurlar”.

 

O‘zbek tilining imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, o‘zbek adabiy tilining me’yorlarini belgilash o‘tgan asrning 20-yillarida eng dolzarb vazifa edi. Qolaversa, bu davrdagi adabiy til jonli o‘zbek so‘zlashuv tilidan ancha uzilgan, shuning uchun ham keng xalq ommasi uchun tushunarsiz bo‘lgan. Bu tilni tushunish uchun ma’lum tayyorgarlik, ya’ni maktablarda saboq olgan bo‘lish talab etilardi. Darhaqiqat, XX asrning 20-yillarida o‘zbek adabiy tilini jonli so‘zlashuv tiliga yaqinlashtirish harakati boshlandi. Ashurali Zohiriy bu haqda quyidagilarni uqtirib o‘tadi: “...Tilimizni uchga bo‘lish mumkin: 1) jonli til; 2) adabiy til; 3) ilmiy til. Adabiy til bilan ilmiy til o‘rtasida uncha farq bo‘lmasa ham, jonli til bilan adabiy til orasida (o‘sish va taraqqiy jihatidan) ancha farq bor. Jonli tilning ham o‘ziga maxsus ko‘b qimmatli asarlari bordurkim, ularning barchasiga xalq adabiyoti deyilur. Bu (xalq adabiyoti) adabiy va ilmiy tilning asosidur. Asl tabiiy til so‘zlanaturg‘on til, xalq tilidur”.

 

1918-yilning so‘nggida tashkil etilgan “Chig‘atoy gurungi” o‘zbek adabiy tili va adabiyotini rivojlantirish, o‘zbek adabiy tilini me’yoridan ortib ketgan arab va fors so‘zlaridan tozalashni o‘z oldilariga bosh maqsad qilib qo‘ydilar. Ayni paytda, bir qator vazifalar belgilab olindi: “Tilimizning tugal, yuksak, san’atkor bir adabiyoti bor. Tilimizning adabiyligi arabiylikda emas, o‘zidadir. Shuni tirgizmak kerak:  tilimizni yot so‘zlardan qo‘ldan kelgancha tozalamoq kerak; adabiyotimizni yuksatmoq uchun burungi san’atkor shoirlarimizning o‘lmagan va o‘lmas narsalarindan foydalanmoq ham taraqqiy qilgan uluslar tomonidan oraga solingan umumiy asoslarga ergashmak kerakdir; tilimizning qoidalarini tatarcha yoxud usmoniycha qoida kitoblaridan emas, tilimizning o‘zidan olmoq kerak; shuning uchun xalq og‘zida yurgan so‘zlarni, xalq adabiyoti bo‘lgan ertaklar, maqollar, laparlarni yig‘ib tekshirmak lozim; adabiyot yozg‘uchilik bo‘lgani uchun yozuv qoidalarini, imloni ham tuzatmak kerak”. Fitrat gurungning rahbari sifatida to‘garak a’zolari mazkur yumushlarni amalga oshirishida yetakchilik qildi. 1921-yilda taqiqlangan “Chig‘atoy gurungi” ishlari uning a’zolari faoliyatida keyinchalik ham davom etdi.

 

Fitratning ta’kidlashicha, har bir tilning boyligi u tildagi so‘zlarning ko‘pligi (kasrati kalimot), yasalish kengligi (undirish kengligi), bog‘lanish imkoniyati (vus’ati ishtiqoq), qoidalarining mukammalligi (mukammaliyati qavoid) bilan o‘lchanadi. Turkcha (o‘zbek tili) bularning har uchalasi bo‘yicha ham arab va fors tillaridan qolishmasligi, ayrim o‘rinlarda ulardan ustun kelishini ta’kidlaydi. O‘zbekcha muqobili bo‘lmagan arab va fors so‘zlarini o‘zbekchalashtirish asosida, ya’ni o‘zbek tili fonetik va grammatik xususiyatiga moslashtirish asosida qabul qilishni tavsiya etadi. “Hozirgi so‘zlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydir desangiz to‘g‘ridir. Biz ham ularni chiqarmoqchi emasmiz. Ularni olurmiz, lekin o‘zimizniki qilurmiz. Turkchalashtiramiz. “Qoida”ning turkchasi yo‘qdir. “Sarf”ning-da turkchasini topolmadik. Ikkisin dag‘i olurmiz. Lekin siz kabi “qovoidi sarfiya” demasdan, “sarf qoidalari” dermiz”. Natijada ayrim o‘zlashmalar o‘rnida o‘zbekcha muqobillari qo‘llana boshladi: sezonnik ko‘chmanchi, listovka qog‘oz, krepost qo‘rg‘on. Shuningdek, atamalar kalka usuli bilan so‘zma-so‘z tarjima qilindi: chernorabochiy qora ishchi, samosud – o‘zboshmicha, loshadinaya sila ot kuchi, falshivaya moneta yolg‘on oqcha. Ba’zida rus tilidan kirib kelgan so‘zlar bilan bir qatorda arabcha, forscha leksemalar ham istifoda etilgan: partiya firqa, deputat – vakil, prezident Raisi Jumhuri, pedagogika usuli ta’lim, internatsional – baynalmilal, ishchi amala.

 

Aytish joizki, o‘zbek tili ko‘p shevaliligidan yangi o‘zbek adabiy tili qanday bo‘lishi, qaysi shevalarga ko‘proq tayanmog‘i lozim, degan muammo bu davrda muhim masalalardan edi. Fitrat mazkur masala bo‘yicha fikr yuritib, shahar shevalariga arab, fors tillari ta’siri kuchli ekani, shuning uchun bu shevalarga emas, balki qishloq shevalariga tayanish lozimligini bayon qiladi: “...Bizning shaharlarimiz ko‘plab yillardan beri arab, forsiy adabiyotning hukmi ostida yashaydir. Shuning uchun bizda shahar tili buzulg‘ondir. Tilimizning sof shaklini daladagi el-aymoqlarda ko‘ra olamiz”. Shuning uchun “el-aymoqlar orasida ularning jon ozig‘i bo‘lib turg‘on” dostonlar, ertaklar, matallar, laparlar, ashula-qo‘shiqlarni xalq qanday talaffuz qilsa, shundayligicha yozib olish, ularni sinchiklab o‘rganish va shu asosda ma’lum ilmiy xulosaga kelish lozimligini ko‘rsatadi.

 

O‘zbek adabiy tili leksik jihatdan biror shevaga emas, balki o‘zbek dialektlarining barchasiga asoslanadi va ulardan zarur so‘zlarni qabul qiladi. Binobarin, shevaga oid so‘zlar so‘zlashuv, filolog olimlar, yozuvchi, shoirlarning asarlari va ommaviy axborot vositalari orqali adabiy tilga kirib keladi. Ammo badiiy adabiyotlar, matbuotda qo‘llangan dialektizmlarning aksariyati adabiy tilda mustahkam o‘rnashib qolmaydi. Davr o‘tishi bilan ularning aksariyati adabiy tilda turg‘unlashsa, ba’zilari eskirgan, tarixiy so‘zlar qatoriga o‘tadi yoki shevalarning o‘zidagina muomalada bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham og‘zaki va yozma nutqimizda adabiy tilni boyitadigan sheva so‘zlariga ko‘proq murojaat qilishimiz, ularning qo‘llanish doirasini kengaytirishimiz kerak. Masalan, XX asr boshlarida kupe so‘zi o‘rnida bo‘lma, avans so‘zi o‘rnida bo‘nak, mardikor o‘rnida kunlukchi atamasi qo‘llangan.

 

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ma’lum davrda shevada faol ifodalangan leksemalarning ayrimlari keyinchalik passivlashishi, so‘ngra davr talabi bilan yana qayta tiklanib, shevada ham, adabiy tilda ham faol qo‘llanadigan so‘zlar sirasiga kirishi mumkin. XX asr boshlarida o‘zlashgan pudrat, firma, mulkdor, kredit so‘zlari 50–60-yillarga kelib eskirgan so‘zga aylangan. Vaqt o‘tishi bilan mustaqillik yillarida ular faol so‘z sifatida qo‘llana boshladi.

 

Darhaqiqat, temuriylar va xonliklar davrida fors tili bilan raqobatda yutib chiqqan o‘zbek tili XIX asrning ikkinchi yarmidan rus tiliga to‘qnash keldi. Mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramasdan, ona tilini millatning ruhi, milliy meros, ma’naviy qadriyatlarning vositachisi sifatida ko‘rgan, o‘z hayotini xalqimizning ma’naviy kamolotiga, ona tilimizning ravnaq topishiga bag‘ishlagan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvarlarning nomlarini el-yurtimiz doimo hurmat bilan eslaydi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiydir.

 

Baxtiyor ABDUSHUKUROV,

filologiya fanlari doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 1822
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 191
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19721
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17262
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//