Azizaning qora va oq tuflilari


Saqlash
11:03 / 27.03.2024 1100 0

Bir qarashda kiborli ko‘ringan insonlar qalban o‘ta kamtar, muruvvatli va o‘zgalarga e’tiborli bo‘lishi mumkin. Aziza bilan bir martagina 1994-yilning ilk kunlarida uchrashganman. O‘shanda uni manman, kalondimog‘ qiz deb o‘ylagandim. Bu vaqtda men oliygohda o‘qirdim.

 

Mustaqillikning dastlabki yillari – o‘tish davri emasmi, ko‘pchilikda iqtisodiy qiyinchiliklar hukmron edi. Men ham yetar-yetmaslik kunlarda tahsil olardim. Ta’tildaligimda Xorazm radiosi adabiy eshittirishlaridan biriga taklif qilib qoldi. Viloyat markazidagi telekomradiokompaniya binosiga kirib borganimda studiyada kulrang mo‘ynali bejirim palto kiygan, qotmadan kelgan nazokatli Aziza Niyozmetova rejissor opa bilan quvnoq kayfiyatda suhbatlashib turardi. Eshikdan kirishim zahoti u menga boshdan oyoq ko‘z qiri bilan kiborli bir nazar tashladi. Men o‘zimni juda noqulay his qila boshladim. Chunki o‘ta yupun kiyimim kambag‘al bir yigit ekanligimni shundoq fosh qilib turardi. Oyog‘imda yozgi tufli. Uni qanday qilib ko‘zdan yashirishni o‘ylab talmovsirab qoldim.

 

Rejissor Gulsara Bobojonova darhol gurungni to‘xtatib, meni mikrofon oldiga boshlab bordi. Suxandon qiz kelgach eshittirish yozila boshlandi. Suxandon tarjimai holim bilan tanishtirarkan, jurnalistika fakultetida o‘qiyotganimni ta’kidlab o‘tishni ham unutmadi.

 

Yarim soatlik eshittirish yozib olingach, xayr-ma’zur qilib uyga qaytish uchun tashqariga chiqib, bekat tomon ohista odimladim. Qor bo‘ralab yog‘ar, yerga tushgan oppoq parchalar shu zahoti erib, yoqimsiz bir ko‘rinish hosil qilayotgandi. Hamma yoq balchiq. “Bilch-bilch” etib qadam bosgancha bekatga kelib, avtobus kuta boshladim. Shu payt yonimga oppoq “Jiguli” mashinasi kelib to‘xtadi. Oynasi yarim tushirilgach, orqa o‘rindiqda o‘tirgan Aziza meni imlab chaqirdi:

 

– Istudent, nera borasiz?

 

Urganch Markaziy dehqon bozoriga borib, o‘sha yerdan qishloqqa jo‘naydigan mashinalardan biriga o‘tirishim kerak edi. “Bozor tomonga!” deb javob berdim.

 

– O‘tiring, bizlar ham o‘sha yoqqa, – dedi Aziza.

 

Iymanibgina oldingi o‘rindiqqa o‘tirdim. Aziza darhol gap boshladi:

 

– Yaxshi she’r yozarkansiz, ta’sirchan, menga yoqdi.

 

Rahmat aytishga og‘iz juftlagandim, xonanda gapda davom etdi:

 

– Men bilan do‘konga birrov kirib chiqolmaysizmi?

 

– Biror narsani ko‘tarib mashinaga ortish kerakmi? – deb so‘radim hayron bo‘lib.

 

– Yo‘q, mening Siz tengi bir ukam bor, unga tufli olishim kerak. Meningcha, o‘lchovi xuddi Siznikiday bo‘lsa kerak, shuni kiyib ko‘rsangiz, – dedi Aziza juda ishonarli ohangda.

 

Unga “xo‘p” degach, mashina bozor yonginasidagi Markaziy univermag qarshisida to‘xtadik. Aziza bilan univermag ichkarisiga kirib, ikkinchi qavatdagi poyabzal bo‘limi tomon yurdik. Muxlislar e’tiborini qozonib, ancha mashhur bo‘lib qolgan emasmi, hamma unga qarar, bir-biriga uni ko‘rsatishib, shivir-shivir qilishardi. Men esa unga yelkalarimni qisgancha ergasharkanman, o‘zimni go‘yoki qafasdagi qushdek his qilardim.

 

Poyabzal bo‘limi sotuvchisi bilan tanish ekanmi, xonanda u bilan quchoqlashib ko‘rishdi va bir nimalarni pichir-pichir qilishdi.

 

Sotuvchi shoshgancha ustal ostidagi qutilarni titkilashga tushib, birozdan so‘ng balandroq poshnali, uchi qirrador qop-qora tuflini Azizaning qo‘liga tutqazdi. Xonanda uni yaxshilab ko‘zdan kechirdi va hidlab ko‘rgach: “Turkiyaniki, haqiqiy teridan ekan”, dedi.

 

– Kiyib ko‘ring-chi, Sizning o‘lchoviningizga to‘g‘ri kelsa kerak, – dedi u.

 

Bejirim tufli aynan menbop tikilgan ekan. Bir poyini o‘ng oyog‘imga kiyib, unga ko‘rsatarkanman, darhol yechishga urindim.

 

– To‘xtang, istudent, to‘xtang! Hov, nima qilyotirsiz? Yechmang, narigisini ham kiyib, u yoq-bu yoqqa yurib ko‘ring, – dedi qo‘ng‘iroqdek ovozda kulib.

 

Xijolat bo‘lib, terlab ketdim. Peshonam terlarini artarkanman, apil-tapil tuflining ikkinchi poyini ham kiyib, u yoq-bu yoqqa yurib ko‘rsatdim.

 

– Ana, bo‘ldi, ajoyib! Aynan Siz bop ekan, – dedi Aziza va sotuvchiga pul sanab uzatdi. Men kursiga o‘tirgancha tuflini oyog‘imdan chiqarishga taraddudlandim.

 

– E, e, nima qilayotirsiz?! Yechmang! Endi bu tufli Sizniki! Mendan Sizdek yosh shoirga sovg‘a! – dedi Aziza va eski chuvagimni yerdan olib, axlat qutisiga tashladi.

 

Qip-qizarib ketdim. Nima deyishimni bilmay unga termulardim. U esa jilmaygancha qarab turardi...

 

Oradan chorak asr vaqt o‘tgach el sevgan san’atkor, Xorazm xalq qo‘shiqlarining mohir ijrochisi Aziza Niyozmetova og‘ir xastalik tufayli olamdan o‘tdi. Har kuni uni eslab, haqiga duolar qilib yurdim. Kunlardan bir kuni uni tushimda ko‘ribman. O‘sha Markaziy univermagdan chiqib kelayotgan emish. Oyog‘ida poshnalari baland oppoq tufli.

 

– Istudent, – dermish u qo‘ng‘iroqdek yoqimli ovozda, – o‘shanda Sizga tufli oberganim uchun fabrika xo‘jayini menga mana shu oq tuflini yutuq sifatida hadya qildi...

 

Uyg‘ongach, uzoq vaqt mulohaza ummonida suzgandek, o‘yga tolib yotdim. Saxovat, qo‘liochiqlik va muruvvat odamzotni nafaqat bu dunyoda, balki boqiy olamda ham izzat va sharafga sazovor qilishi shubhasiz. Azizaning mendek qo‘liyupqa talabaga qilgan saxovati uni Alloh dargohida ulug‘ martabalarga musharraf qilganiga aminman.

 

Besh kunlik dunyoning foniyligini anglab, uning o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahallasi va muqaddas ziyoratgohlar ko‘chalarini obod qilgani, Mehribonlik va Muruvvat uylariga hamisha xayr-saxovat ko‘rsatib kelgani ko‘pchilikka ma’lum. Hatto, u ota-onasiz qizni asrab olib, oq yuvib-oq taraganini ham yaxshi bilamiz.

 

Umr – oqar suv, deydi donolar. Besh kunlik foniy dunyoda faqat ezgulik qilib yashashdan ulug‘ ne’mat yo‘qligini yaxshi anglab yashagan Aziza kabi insonlar hamisha ezgu so‘zlar bilan eslanadi. Inson uchun chinakam baxt ham shudir, aslida.

 

Erpo‘lat BAXT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 1822
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 191
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19721
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17261
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//