Oʻzbekistondagi eng yirik onlayn-kutubxona “Ziyouz.com” 20 yoshda


Saqlash
20:04 / 10.04.2024 449 0

“Ziyouz.com” onlayn-kutubxona loyihasi 9-aprel kuni 20 yoshga toʻldi.

 

Kutubxona oʻzida ilmiy-ommabop, maʼrifiy va tarixiy maqolalar, sheʼriy va nasriy asarlar, hikoya va qissalarni jamlagan boʻlib, loyiha bir necha bor xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilgan.

 

Xususan, 2011-yilda AQSHdagi “Vatandosh” gazetasining “Foydali sayt” ruknida Ziyouz.com sayti haqida maqola chop etilgan. 2012-yilda BBC radiosining oʻzbek xizmati saytida loyiha faoliyati haqida radio-suhbat oʻtkazilib, uning asosida “Nega kutubxonalarimiz bozorlarimizday gavjum emas?” sarlavhasi ostida intervyu chop etilgan.

 

Kutubxona saytida keltirilishicha, portalga nafaqat Oʻzbekistondan, balki Rossiya, AQSH, Qirgʻiziston, Koreya, Qozogʻiston, Turkiya, Tojikiston, BAA va Shvetsiya kabi mamlakatlardan ham minglab foydalanuvchilar tashrif buyuradi.

 

Quyida loyiha muallifi onlayn-kutubxonaning 20 yilligi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirgan hikoyasi bilan boʻlishamiz.

 

“Bugun hayotimdagi eng yaxshi loyihalardan biri Ziyouz.com dunyo yuzini koʻrganiga 20 yil boʻldi. Kechagidek yodimda, bundan ropa-rosa 20-yil avval, 2004-yil 9-aprel kuni saxar payti doʻstim Otabek Nuriddinov xonadonida Ziyouz.com portalining ilk sahifalarini internetga yuklagan edik. Saytni html dasturlash tilida oʻzim yozgan va oʻsha zamon uslubida oddiy dizayn qilgan edim. Ilk 20 ta maqolani oʻsha paytdagi internet tezligi (31 kbit/s) bilan uni joylashga 1 soatcha ketgandi (quloqlarim ostida Dialup ovozi jaranglamoqda). Yarim yil ichida saytdagi maqolalar soni 300 taga yetgan.

 

U paytlarda kompyuterim ham yoʻq edi. Kompyuteri, ayniqsa noutbuki boʻlish katta obroʻ sanalardi. Tahririyatdagi kompyuterda materiallarni tayyorlab, disketaga (atigi 1,44 Mb maʼlumot sigʻardi) koʻchirib, internet kafega borar va oʻsha yerda butunjahon toʻriga joylar edim. U paytlar hali ADSL ham yoʻq, 31 kbit/s tezlikka ega Dialup internet kafedagi 6 ta kompyuterga boʻlinardi. Internet narxi ham juda qimmat: soati 5000 soʻm edi. Oʻzim esa 12000 soʻm stipendiya olardim.

 

2005-yili grant asosida jurnalistikadan malaka oshirish uchun Polshada boʻldim. Eng yaxshi qatnashgan ishtirokchi sifatida noutbuk sovgʻa qilishdi. Juda xursand boʻldim. Bu Wi-Fi adapter ulangan ilk noutbuklardan biri edi. Navoiy koʻchaga (oʻsha paytlar elektronika tovarlari yarmarkasi shu koʻchada boʻlardi) nimadir olish uchun borganimda oʻsha noutbukni koʻrsatdim, sotuvchilar 2800$ ga baholashdi. Oʻsha paytlari bu pulga yana ozgina qoʻshilsa, kvartira berardi. Sotmadim.

 

Shu yili propiska muddati (universitetdan 4 yilga propiska qilib berardi) tugagani uchun gazetadagi ishimdan ayrildim. Magistraturaga kirdim. Yarim yilcha ishsiz qoldim. Shunda noutbuk ish berdi. Shu orqali ozroq tirikchilik qilib, ham saytni yuritib turdim.

 

Keyin telefoni bor ijara-kvartiraga koʻchib oʻtdim. Uydan internetga ulanib, sayt ishlarini bajara boshladim. Dialup tizimida telefon orqali provayderga ulanib, internetga kirilgan payt telefon liniyasi band boʻlar va telefon uchun ham kompaniya haq olardi. Keyin Callback xizmati chiqdi. Unda internet provayderi sizga qoʻngʻiroq qilib, internetga ulab berardi.

 

Avval-boshda bu ishimga yaqinlarim, ayrim ustozlar ham qarshi boʻldi. Ularga internetning afzalliklari va imkoniyatlarini tushuntirishga harakat qildim. “Umid bilan suqilgan tayoq bir kun berar mevayu yaproq” deganlari toʻgʻri ekan, bir-ikki yilda sayt ancha koʻzga koʻrinib qoldi, ilk hosil bera boshladi. Portal, ayniqsa, chet eldagi millatdoshlarimiz uchun ayni muddao boʻlgan edi. Shuningdek, oʻzbek tilini tadqiq etayotgan olimlar ham saytga tez-tez murojaat qiladigan boʻldi. Bu orada xorij davlatlari adabiy va ilmiy nashrlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻydim.

 

Ziyouz.com kutubxonasidagi baʼzi kitoblarni kiritishga 1 kunlab vaqt ketgan. Internet tezligi bu paytda 56 kbit/s ga yetgan, 20-30 Mb kitobni yuklash uchun kechqurun upload ga qoʻyar, kechasi telefon uzilib qolmasa, saxargacha yuklash tugardi. Agar texnik nosozlik (telefon koʻp uzilib qolardi) boʻlsa, yana qayta yuklashga toʻgʻri kelardi.

 

2005-yilda saytda forum (ushbu forum oʻzbek tilidagi ilk forumlardan biri edi) ishlay boshladi. “Yangiliklar”, “Islom”, “Iqtisod”, “Siyosat”, “Maʼrifat”, “Ajoyibotlar” boʻlimlarida 1000 ga yaqin maqola jamlandi. 2006-yil, 25-yanvar kuni “Xalq soʻzi” gazetasida chop etilgan “Ayb faqat yoshlardami?” maqolasida saytimiz haqida iliq fikrlar bildirildi. Ushbu maqola portalimiz haqida rasmiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan ilk xabar edi.

 

Dastlab ruweb.netʻdan olingan xosting 50 Mb hajmda edi. Oyiga 1000 Mb trafik berilardi. Bu trafik esa oyning 10-15 kunida tugab qolar, qolgan kunlari sayt ishlamay turardi. Kitoblar boshqa bepul serverga joylanardi. Keyinchalik xostingni bir necha marta oʻzgartirdim… Saytni yasash, dizayn qilish, joylash, kichik texnik muammolarni hal qilishni oʻzim oʻrganib bajarardim. Bu borada Shuhrat Dehqonov katta koʻmak berib turdi. Soʻnggi yillarda Shavkat Homidjonov beminnat yordam bermoqda. Ularga alohida rahmat aytaman.

 

Bir necha oʻn materialdan iborat moʻjaz saytni rosmana portalga aylantirish oson kechmagan, albatta. Men ish boshlagan davrda internetda oʻzbek tilidagi materiallar juda kam edi. Shu boʻshliqni toʻldirish maqsadida dastavval koʻproq matnli materiallarni jamlashga harakat qildim. Oz sondagi tayyor fayllarni gazeta, jurnal va nashriyot tahririyatlaridan olardim. Asta-sekin mualliflarning oʻzlari ham tayyor matnlarni taqdim eta boshladi. Lekin asosiy bisotni oʻzim elektronlashtirib, joylashimga toʻgʻri keldi.

 

Internet ahliga, avvalo, eng zaruriy maʼlumotlarni taqdim etish kerak deb oʻylaganman. Ularni elektron formatga keltirish katta vaqt va resurs talab qilardi. Kitoblarni topib, uni sahifama-sahifa skanerdan oʻtkazish; fayllarni yigʻib, yaxlit PDF formatga oʻtkazish; PDF fayldan matn formatga oʻgirish; matnni qayta oʻqib, xatolarini tuzatib chiqish; skaner qilingandagi dogʻlarni tozalash va tekislash; mualliflik huquqini himoya qilish uchun shifrlash; saytga joylash uchun oxirgi versiyani hozirlash; nihoyat, faylni serverga joylash va elektron kutubxonada eʼlon qilish... Jarayon ancha uzun va mashaqqatli boʻlsa-da, menga olam-olam zavq berardi. Qolaversa, bu men uchun bir dorilfunun kabi edi: har bir matnni tayyorlash jarayonida uni sinchkovlik bilan oʻqib, bilimimni oshirar, dunyoqarashimni kengaytirar edim.

 

Gazet-jurnallarning tahririyat bergan yillar boʻyicha jamlanmalarini uyga olib borib, muqovani buzib, ichidan nashrni olar va skanerdan oʻtkazar edim. Yillik arxiv tugagandan soʻng jurnallarni jamlab, tikib, yana qayta muqovalab, tahririyatga qaytarardim. “Yoshlik”ning marhum bosh muharriri Sobir Oʻnar topilmagan sonlarni azza-bazza uyidan olib kelgani yodimda. Men bisot kemtik boʻlib qolmasin deya tahririyat arxivida saqlanib qolmagan sonlarni qistalang qilaman, rahmatli Sobir aka qidira-qidira bezor boʻldimi, axiyri uyidagi kitob javonlarini ham ixtiyorimga berib qoʻygan edi.

 

Bunday munosabat-muzokaralar boshqa adabiy jurnal va nashrlar bilan ham boʻlgan. Tahririyatlar, mashhur olim, shoiru yozuvchilarning shaxsiy kutubxonalari aro kezish, ularning maʼnaviy bisotiga oshno boʻlish va eng nodir kitoblarni oʻqirmanlarga taqdim etish menga ilhom va kuch berardi. Kutubxonadagi qogʻoz hididan koʻnglim yorishib, charchoqlarim chiqib ketardi. Biroz chang tortgan kitoblarni qoʻlga olish, asr oshgan bitiklarni oʻqish qanchalik maroqli ekanini ashaddiy kitobxonlar yaxshi biladi.

 

Agar inson bir ishni sidqidildan, sevib qilsa, oʻsha yumush uning hayoti mazmuniga aylanadi. Men uchun ham Ziyouz.com allaqachon hayotimning ajralmas qismi boʻlib qolgan. Portal materiallaridan foydalanib nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari yoqlanayotgani, xorijda oʻzbek adabiyoti tadqiq va tarjima qilinayotgani haqidagi xabarlar doim xursand qiladi. Portal haqida ham bir nechta magistrlik ishlari yoqlandi.

 

Yaqinda Angliyada doktorlik ishini yoqlayotgan bir vatandoshimiz bilan suhbatlashdim. “Sizga katta rahmat. Chetda yurib, saytingizdagi elektron kitoblardan 500 dan ziyodini oʻqidim”, dedi. Shukrki, bunaqa eʼtiroflarni tez-tez eshitib turaman. Motivatsiya degani shu boʻlsa kerak. Ziyouz.com xalqimizning ziyoli boʻlmogʻiga ozgina boʻlsa-da hissam qoʻshayotganidan baxtliman”.

 

Avvalroq “Oyina.uz” portalida Ziyouz.com loyihasi asoschisi bilan “Oʻzbek tili bilan bogʻliq barcha manba va xizmatlarni qamragan yaxlit onlayn portalimiz yoʻq – internetning oʻzbek segmenti “dinozavr”laridan biri Davronbek Tojialiyev” sarlavhasi ostida suhbat chop etilgandi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 1822
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 191
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19721
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17261
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//