Instagramda boshlangan sevgi tarixining ayanchli yakuni: Bishimbayev ishidan “Saltanat qonuni”gacha


Saqlash
12:04 / 29.04.2024 2876 0

2023-yilning noyabr oyida Qozogʻiston poytaxtida fojia yuz berdi: mamlakatning sobiq iqtisodiyot vaziri Quvandiq Bishimbayevning  uchinchi turmush oʻrtogʻi restoran kabinkasida vafot etdi. Kuzatuv kameralari qayd etgan yozuvlar va marhumaning yaqinlari bergan koʻrsatmasiga koʻra, Saltanat turmush oʻrtogʻining qattiq zarbalari va boshqa jismoniy zararlari oqibatida vafot etgan. Biroq Kuvandik sudni va jamoatchilikni Nukenova oʻsha kecha alkogol isteʼmol qilgani, baxtsiz hodisa tufayli yiqilib, vafot etganiga ishontirishga urindi.

 

Sodir boʻlgan voqea va sudlanuvchining oʻz aybini tan olmasligi nafaqat qozogʻistonliklar, balki butun dunyo faollari eʼtiroziga sabab boʻldi. Ayolga nisbatan zoʻravonlik, nohaqlik va sobiq mansabdorning munosib jazo topishi talab qilindi, dunyo jamoatchiligi sud jarayonlariga ham qiziqish bildirdi. Natijada, sud ishi internet orqali toʻliq onlayn efirga uzatildi.

 

Quvandiq Bishimbayev oʻzi kim?

 

 

1980-yilda tugʻilgan Quvandiq Bishimbayev avvaliga, sobiq Prezident Nursultan Nazarbayevning yordamchisi sifatida, keyinchalik Qozogʻiston Iqtisodiyot vaziri lavozimida ishlagan. Ushbu tayinlovga bir yil toʻlmasidan, Bishimbayev katta miqdordagi poraxoʻrlik va davlat mulkini oʻzlashtirganlik aybi bilan lavozimidan ozod etilib, unga 10-yillik qamoq jazosi tayinlanadi. Bishimbayev tasarrufidagi mol-mulklar musodara qilinib, davlat organlarida mansabdor lavozimni egallash huquqidan butun umrga mahrum qilinadi.

 

Instagramda yaralgan muhabbat tarixi va dastlabki bosim

 

Nukenova va Bishimbayevning tanishuvi Instagram ijtimoiy tarmogʻidan boshlanadi. Saltanat Bishimbayevning turmush taklifini anchagacha rad qilib, keyinchalik rozilik beradi. Nukenova toʻydan keyingi dastlabki davrda instagramda vaqtichogʻiligi, olgan qimmatbaho sovgʻalariyu turmush oʻrtogʻi bilan naqadar baxtli ekani hamda uni qattiq sevishi haqidagi postlar bilan faol tarzda boʻlishib boradi. Keyinchalik Saltanatning shaxsiy hayoti aks etgan postlar soni kamayadi – maʼlum boʻlishicha, Bishimbayev oʻzining oʻta rashkchi ekanini asos qilib, rafiqasining ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlishini taqiqlaydi. Uning erkinligini cheklab, hatto qarindosh va doʻstlari bilan muloqotini nazoratga oladi. Ish faoliyatiga esa bir taraflama nuqta qoʻyadi. Zoʻravonning Nukenovaga nisbatan ruhiy va jismoniy bosimi mana shu davrdan boshlanadi.

 

 

Saltanat bu nosogʻlom munosabatni bir necha bor toʻxtatmoqchi boʻladi. Bishimbayevning oʻzini tutishi va qarorlaridan kelib chiqib, qarindoshlariga uning zoʻravonligi haqida yashirin maʼlumot berib boradi. Ammo sobiq vazir turli shantaj va vaʼdalar bilan, turmush oʻrtogʻi bilan yashashda davom etishga koʻndiradi. Vaziyat borgan sari murakkablashib, bosim ortib boradi. Shunda Nukenova instagram sahifasida vaziyatni ifodalovchi post qoldiradi. Unda turmush oʻrtogʻini qanchalik sevib, qadrlamasin, uning bosim va nazorati marhumaga ogʻirlik qilayotgani “Bu hayot emas!” degan jumlalar bilan ifodalanadi. Shu orqali, Nukenovaning yaqinlari u zoʻravonlikka uchrayotgani haqida yanada aniqroq xabar topadi.

 

Saltanat AQSHdagi akasiga boshidagi koʻkarishlar rasmini yuborib, ularni saqlab qoʻyishini soʻraydi. Oʻzi esa yozishmalar tarixini oʻchirib yuborishini aytadi. Shundan keyin Aytbek singlisining iltimosiga qaramay, Qozogʻistonga uchib keladi. Aytbekning singlisini olib ketishga uringan samarasiz tortishuvlari esa Bishimbayev bilan qayta gaplashmaslik, Saltanat esa ortiq akasi bilan aloqa oʻrnatmaslik sharti bilan tugaydi. 

 

Jinoyat qanday sodir boʻlgan?

 

Voqea 2023-yil 8-9-noyabr kunlari sodir boʻlib, Bishimbayev oʻsha kuniyoq hibsga olingan. Jinoyat boʻyicha tergov 2024-yilning 8-yanvar kuni yopiladi.

 

2024-yilning mart oyida Saltanatning akasi koʻrsatma beradi va 3-4-aprel kunlari Bishimbayev sudda soʻroqqa tutiladi. Unga “oʻta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik”dan tashqari, “qiynoqlar” boʻyicha ham ayblov qoʻyiladi.

 

 

Dastlabki tergov natijalariga koʻra, 2023-yilning 9-noyabrida Bishimbayev ukasiga tegishli restoranning VIP-kabinkasida oʻzining fuqarolik nikohida boʻlgan Nukenovaning boshiga musht bilan bir necha bor urib, kafelga yiqitadi va tepadi. Saltanat boshqa VIP-kabinkalardan biriga berkinishga urinadi, Bishimbayev uning ortidan borib, yana urishda davom etadi va boʻgʻa boshlaydi. Shundan keyin Saltanat hushini yoʻqotib, 1 sutkaga yaqin kabinka polida, shu holatda qoladi.  Bishimbayev soʻngi bor oʻsha kuni soat 18:30 da Saltanatni uygʻotishga harakat qiladi. Keyinroq ukasidan tez yordam chaqirishini soʻraydi. Lekin u vaqtda Saltanatning joni uzilib boʻlgandi.

 

Jinoyat ishida sobiq vazirning ukasi ham javobgarlikka tortilib, u jinoyatni yashirish va xabar bermaslikda ayblanadi – uning topshirigʻi bilan kuzatuv kamerasidagi yozuvlarning baʼzilari oʻchiriladi.

 

Bishimbayevga koʻra, jinoyat sodir boʻlgan kun Saltanat turmush oʻrtogʻi bilan 3 shisha gazlangan vino ichib, “munosabatlariga oydinlik kiritgan”. Nukenova janjallashuv vaqtida turmush oʻrtogʻini qattiq haqoratlab, u bergan qimmatbaho taqinchoqlarni hojatxonaga tashlab yuborish bilan Bishimbayevni gʻazabini qoʻzgʻatgan.

 

Sudlanuvchi marhumaning yuzidagi koʻkarishlarning sababini shunday izohlaydi:

 

“U yelkasini menga, yuzini hojatxonaga qarata turardi. Aftidan, u meni ushlab qoladi deb oʻylagan. Men esa uni qoʻyib yubordim. U muvozanatni yoʻqotib, yuzi bilan unitazga yiqildi. Juda qattiq yiqildi”, — deydi. Uning aytishicha, Saltanat oʻrnidan turishga harakat qilib, kafel polga qayta yiqiladi. Shundan keyin Bishimbayev hushidan ketgan turmush oʻrtogʻini “oʻziga keltirish” uchun 4-5-marta tepadi. Lekin bu tepkilash “hech qanday hayotiy muhim organga zarar yetkazmagan”.

 

 

Tergov davomida maʼlum boʻlishicha, Nukenova hushini yoʻqotgach, Bishimbayev folbinga qoʻngʻiroq qilgan:

 

“Men juda xavotirga tushdim va oʻzim bilgan folbinga qoʻngʻiroq qildim. Unga Saltanat uygʻonmayotgani va yuzidagi koʻkarishlar haqida aytdim. Folbin esa Saltanat shunchaki charchagani, oʻziga kelishini va uyga ketishimizni aytdi. Shundan keyin yuragim yengil tortdi” — deydi va shu asos bilan tez yordam chaqirmaganini aytadi. Shundan keyin u jiyani Baxitjan Bayjanovga qoʻngʻiroq qilib, aspirin va ketonal olib kelishini soʻraydi. Bundan tashqari, Bishimbayev ukasidan kuzatuv kameralaridagi voqelik telegram kanallarga tarqab ketmasligi uchun videolarini oʻchirishini ham soʻragani sudda maʼlum boʻlgan.

 

Bishembayev shuningdek, Nukenovaning yaqinlaridan uning ayni vaqtdagi joylashuv manzilini yashirish, oʻzidan iz qoldirmaslik uchun  marhumaning telefonini ukasiga berib, uyga olib ketishni tayinlaydi.

 

Ekspertiza va video-kamera yozuvlari Bishimbayev koʻrsatmasini rad etadi

 

Tibbiy sud-ekspertizasi xulosasiga koʻra, Nukenova bosh miyaning yopiq travma olishi oqibatida vafot etgan. Tekshiruvlarda Nukenovaning burni singani, boshida bir nechta qontalash va jarohatlar boʻlgani aniqlangan.

 

Sud-ekspertiza sudlanuvchining koʻrsatmalari haqiqatga mos kelmasligini aytib, Nukenovadagi jarohatlar yiqilish oqibatida olinishi mumkin emas, degan xulosani beradi. Qolaversa, keyinchalik video-kamera yozuvlari ham taqdim qilindi. Prokuror “Bishimbayev Nukenovaning sochidan tortib, oyogʻi bilan tepib, yuziga uradi. Keyin uni VIP-kabinkaga olib oʻtishga urinadi” – deya videoni izohlaydi.

 

 

29-martda boʻlib oʻtgan sudning birinchi yigʻilishida maʼlum boʻladiki, restoran ishchilari Bishimbayev topshirigʻi bilan video-kamera yozuvlarining baʼzilarini oʻchiradi. Oʻsha kuni barmen koʻrsatmasi ham oʻqib eshittiriladi. Maʼlum boʻlishicha, politsiya kelishidan avval Bishimbayev qoʻlida pichoq koʻtarib yurgan.

 

“Biz uni ushlagan vaqtimiz, Bishimbayev turmush oʻrtogʻini oʻldirgani, oʻlik esa kabinkada yotganini aytdi. Katta ehtimol, shuning uchun u oʻzini ham oʻldirishni xohlagan” – deya guvoh koʻrsatmasini oʻqib eshittiradi prokuror.

 

Viktimbleyming va axborot manipulyatsiyasi

 

Bishimbayevning yolgʻon koʻrsatmasi va aybini tan olmasligi qozoq hamda boshqa mamlakatlar aholisining eʼtiroziga sabab boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlarda dunyo faollari oʻldirilgan jabrlanuvchini qoʻllash va haqiqat qaror topishiga hissa qoʻshish maqsadida #zaSaltanat xeshtegi ostida jinoyat bilan bogʻliq holatlar va Saltanatga tegishli xotiralar bilan boʻlishmoqda, Bishimbayevni esa viktimbleyming va axborot manipulyatsiyasida ayblamoqda.

 

Viktimbleyming – jinoyatchi oʻz jinoyatida, baxtsiz hodisa, ogʻriq yoki zoʻravonlikning istalgan turida jabrlanuvchini aybdorga chiqarishi.

 

“...Bishimbayevning shaxsiyatiga qiziqish yanada ortdi. Chunki bu retsidiv (sudlanuvchining birinchi jinoyati emas). U avval ham boshqa modda bilan korrupsiya va firibgarlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Prezident uni muddatidan avval ozod qilgan. Endi u yana qonunni buzdi, va bu qattiq shafqatsizlik bilan amalga oshirilgan” – deydi huquq himoyachisi.

 

 

Uch ayol bilan yozishma, uchrashuv va ish muhokamasi – Saltanatning oʻlimi vaqtida Bishimbayev nima bilan band boʻlgan?

 

23-aprel kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishda sud Bishimbayev telefonidagi yozishma va qoʻngʻiroqlar tarixini oʻrgandi. Maʼlum boʻldiki, Nukenova oʻlgan kechada ayblanuvchi Gulnora Nosirbekova, Yuliya super va Ayjan Birdenova ismli ayollar bilan xabarlashib, Gulnora Nosirbekova bilan boshqa Vip-kabinkada uchrashgan. Shundan keyin ayol unga surat yuboradi va “Кстати, ты пахнешь розами” deb yozadi.

 

 

Maʼlumot oʻrnida, yuqoridagi gap qiyin vaziyatdan keyin oʻzini yomon va aybdor his qilayotgan odamga uning yaxshi va haqiqatgoʻyligini taʼkidlash maqsadida qoʻllaniladi.

 

Bishimbayev sudda “Yuliya Super” bilan boʻlgan yozishmalar shaxsiy ekani va ularni oʻqib eshittirilmasligini soʻraydi. Sudlanuvchi Yuliyaga “Ishlaring qalay? Boʻshmisan?” deb yozadi. Bishimbayevning soʻzlariga koʻra, bu yozishma oʻsha vaqtda Saltanatni tirik deb oʻylaganiga isbot boʻla oladi.

 

Nosirbekova esa sudda guvoh sifatida qatnashgan Bishimbayevning golfdagi klubdoshi boʻlgan. Uning soʻzlariga koʻra, rasm va uning ostidagi gap chatda adashib, Bishimbayevga yuborilgan. Allaqachon ish vaqti tugab, yopilgan restoranda boʻlgan uchrashuvda boʻlsa, golf, bolalar va blog reklamalari haqida suhbat boʻlgan.

 

Yozishmalar orasida Bishimbayevning ish boʻyicha suhbatlari ham topilgan. Unda tez yordam kelguniga qadar Bishimbayev sheriklari bilan ish borasida gaplashib, uchrashuv belgilagani maʼlum boʻlgan.

 

Bundan tashqari, Bishimbayev telefonidan qisqa soniyali bir nechta videolar ham topiladi. Sud uni ommaga koʻrsatmaydi, biroq qoʻyib eshittiradi. Videoda Bishimbayev ovoziga oʻxshash ovozda Saltanatni haqoratli soʻzlar bilan xiyonat qilganlikda ayblab, uni tan olishga majburlanganini eshitish mumkin. Saltanat esa chuqur xoʻrsinib, “ha” degan javobni beradi. Sudlanuvchi avvaliga, gap qanday video haqida ketayotganini eslolmayotganini aytadi. Keyin esa “Videoni WhatsAppʻdan kimdir yuborgan, koʻrinadi. Shuni aytmoqchimanki, video qandaydir montaj qilingan va unga mening ovozim qoʻyilgan” – deydi. Sudning 10 daqiqalik tanaffusidan keyin esa videoni oʻzi tasvirga olganini tan oladi.

 

Amerika va Yevropadagi koʻngilli qozogʻistonliklar oilaviy zoʻravonlik va uning oqibatlariga dunyo diqqatini qaratish maqsadida, bir qancha mitinglar tashkillashtirdi. Keyinchalik, yana yuzlab qozogʻistonliklar va boshqa Markaziy Osiyo aholisi ham namoyishlarni qoʻllab-quvvatladi. Shu tariqa, Yevropaning 15 shahri, shuningdek, New York va San Francisco faollari ishtirokida tinch namoyishlar oʻtkazildi.