98 yoshli ukrainalik ayol mamlakatning okkupatsiya qilingan hududidan chiqish uchun 10 kilometr masofani piyoda bosib oʻtdi


Saqlash
10:05 / 07.05.2024 394 0

Donetsk viloyatining Ocheretino qishlogʻida yashovchi 98 yoshli Lidiya Stepanovna Rossiya qoʻshinlari tomonidan bosib olingan hududdan qochish uchun shiddatli oʻqlar yomgʻiri ostida 10 kilometr masofani bosib oʻtgan. Bu haqda Ukrainaning Donetsk viloyati politsiyasi xabar berdi. Lidiya kunboʻyi ovqatsiz va suvsiz front chizigʻi boʻylab yurgan, bir necha bor yiqilgan, ammo oʻrnidan turib, yana yoʻlida davom etgan.

 

“Meni qoqilib, maysa ustiga oʻzimni tashladim. Uxlab qoldim. Keyin yana yurdim. Va yana yiqildim, yana oʻrnimdan turdim. Men shu yoʻl bilan sezdirmasdan yuraman deb oʻyladim”, – degan Lidiya Stepanovna politsiyaga. Keyinroq bu suhbatning videoyozuvi eʼlon qilindi.

 

 

Kechqurun harbiylar charchagan Lidiyani yoʻlda koʻrib qolgan va uni front chizigʻidagi hududlardan tinch aholini evakuatsiya qiluvchi “Oq farishtalar” politsiya guruhiga topshirgan. Politsiya bu voqea aynan qayerda sodir boʻlganini ochiqlamadi. Lekin onaxon qandaydir yoʻl bilan front chizigʻini kesib oʻtib, Ukraina nazorati ostidagi hududga yetib borishni uddalagan. Politsiya ayolni qochqinlar boshpanasiga olib borgan. U yerda Lidiyaga issiq ovqat va yotoq berilgan. Maʼsullar Lidiya Stepanovnaning qaysidir maʼnoda ajrashib ketgan qarindoshlarini topgan. Kampirning soʻzlariga koʻra, otishmalar boshlanganda kelini va oʻgʻli qochishga qaror qilgan, biroq, aftidan ular turli yoʻllardan ketgan.

 

 

Rus artilleriyasi, Lidiya bir vaqtlar oʻz qoʻli bilan qurgan uyni vayron qilgan. “U yerda hamma narsa ostin-ustun. U yerda boʻlayotgan narsalar qoʻrqinchli … Uygʻonib qarasam, ular oʻq uzmoqda. Bu qoʻrqinchli ”, deydi Lidiya Ocheretinoda sodir boʻlgan voqea haqida. Bunday dahshatli va mashaqqatli sayohatdan soʻng, onaxon juda uzoq vaqt oʻziga kela olmagan va boshidan kechirganlarni qoʻrqinch bilan gapirib bergan. “Men bir urushni (Ikkinchi jahon urushi) koʻrdim, endi esa yana bir urushni boshdan kechiryapman. Men hech narsasiz qoldim. Bu urush oldingiday emas. Uylar yonmoqda, daraxtlar ildizi bilan qulab tushmoqda”, deydi Lidiya. Onaxonning nevarasi buvisini olib ketish uchun kelishga vaʼda bergan.

 

 

Bu voqeadan bir necha kun oldin 88 yoshli Ivan ismli erkak ham Rossiya tomonidan bosib olingan Ocheretinodan piyoda qochib kelgandi. U tunboʻyi yurgan. Politsiya uni yoʻlda koʻrib qolib, Pokrovskdagi boshpanaga olib borgan. Ivanning aytishicha, ruslar uning Ukraina pasportini olib qoʻygan va unga Rossiya pasporti bermoqchi boʻlgan. Ivan esa bunga javoban narsalarini yigʻishtirib, joʻnab qolgan. Ukraina politsiyasi uni topganda uning yonida faqat pensiya guvohnomasi bor edi. Ukraina politsiyasi odamlardan front chizigʻidan uzoqroq ketishni soʻramoqda.

 

 

Oʻn minglab odamlar tinimsiz otishmalar va rossiyaliklarning tahdidlari sabab Ukrainaning okkupatsiya qilingan sharqiy va janubiy qismlaridan qochib kelmoqda.

 

 

Yaqinda “Oq farishtalar” Ocheretino posyolkasining Jelannoye qishlogʻiga oziq-ovqat yetkazib berdi. Ushbu front chizigʻidagi qishloqda hali ham yuzga yaqin odam bor.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 1822
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 191
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19721
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17261
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//