Talabchan ota, mehribon aka, jonkuyar doʻst va samimiy hamkasb – Uygʻoq qalbli insonlarni xotirlab...


Saqlash
11:05 / 08.05.2024 859 0

Hayotda koʻp narsa unutiladi, esdan chiqadi. Ammo shunday insonlar borki, ezgu fazilati, amallari bilan koʻpchilik qalbida muhrlanib qoladi. Oyina.uz turli sohalarda faoliyat yuritib, vatanparvarligi va fidoyiligi bilan jamiyatda, oilada, doʻstlar qalbida oʻchmas iz qoldirgan oʻzbekistonliklar xotirasini yod etadi.

 

 

Abdusaid Turdiyev,

Oʻzbekiston Qahramoni, marhum Jonsaid Turdiyevning ukasi:

 

Eslayman, 1969-yilda qish juda qattiq kelgan edi. Men u paytlar oʻquvchi edim. Bir kuni maktabga ketayotib, oyogʻimning tizza qismigacha qorga botib qoldim. Izgʻirin shamoldan yuzim qizarib, koʻzlarimni ocha olmay yarim yoʻldan qaytib keldim.

 

Uyga kirib, maktab papkamni yerga otib, “darsga bormayman” deb janjal qildim. Shunda akam “havo sovuqligi maktabga bormaslikka bahona boʻlolmaydi, qani yur”, deb meni yetaklab, papkamni yelkasiga osib, sinfxonamgacha kuzatib qoʻygan.

 

Akam hazilkash, xushchaqchaq, bolalarga mehri oʻzgacha inson edi. Armiyaga ketganida biz 4 yil koʻrisha olmaganmiz. Harbiy xizmatni oʻtab, uyga qaytganida turli qiziqarli voqealarni aytib, bizni rosa kuldirgan.

 

 

Aytishicha, uydagilar akamga pochta orqali turli yeguliklar joʻnatganda xizmatdosh oʻrtoqlari ularni darrov yeb qoʻyishar ekan. Ayniqsa, onam oʻzi sogʻgan sigirning qatigʻidan tayyorlagan qurtlarning mazasi akamning quroldoshlariga juda yoqqan ekan. Xizmatdagi boshqa millat yigitlari “bu qanday tayyorlanadi?” deb soʻrashganida, akam “suzmadan oz-ozdan olinib, qoʻltiqning tagiga qoʻyilib, yumaloq qilinadi” deb hazillashgan. Shundan keyin oʻsha yigitlar qurtga qaramay ham qoʻygan ekan. Akam esa onam oʻz qoʻllari bilan tayyorlagan qurtlarni maza qilib oʻzi yegan.

“Bu – qizgʻanchiqlik yoki oʻz nafsini oʻylash emas edi. O‘sha yeguliklarda onamning mehrini, issiq taftini his qilardim. Yozda dalada sigir boqqanim esimga tushib, bundan oʻzgacha kuch olardim”, degan edi akam.

 

Keyinchalik “Qolmoqqir” koniga ishga kirgach, yillar davomida biror marta ham kasallik taʼtiliga chiqmagan va rejani hammadan oldin ortigʻi bilan bajargan. Bu ishga boʻlgan mehr va masʼuliyatning namunasi edi.

 

Soʻnggi yillarda barcha oila aʼzolarimizni bir joyga jamlab, yurtimizning eng goʻzal maskanlariga sayohatga olib borardi. Biz akamdan mehr-oqibat, fidoyilik, masʼuliyat va vaʼdaga vafo singari ezgu fazilatlarni oʻrgandik.