O‘quvchining formasi, o‘qituvchining hujjati muhim – bizning pedagogikamiz shular ustiga qurilgan. Ta’limdagi muammolar tahlili


Saqlash
12:05 / 14.05.2024 3080 2

 

Hayotdagi muammolar ildizi doimo ilmsizlik bo‘lgan. Chunki faqat yaxshi bilim, keng dunyoqarashga ega shaxslargina jamiyatni taraqqiy ettiradi. Shunday shaxslargina millat sha’nini baland tuta oladi. Bugun bizni qiynayotgan masalalar ham aynan ilmsizlik, yanayam aniqrog‘i, ta’limdagi kamchiliklarimiz bilan bog‘liq. Xo‘sh, nega bizda yuqori malakali kadrlar kam? Nima uchun yoshlarimiz o‘qishga emas, diplom olishga ko‘proq qiziqadi? Umuman, bilimsiz, didsiz talabalar qanday paydo bo‘layapti kabi savollarga javob topish uchun pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev va filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Jo‘raqulovni suhbatga chorladik.

 

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Bizda qiziq bir ziddiyat bor. Ishsizlik ko‘pgina yoshlarning muammosi. Doimiy ishga ega bo‘lganlarning ham aksariyati oddiy ishchi hisoblanadi. Bu tomondan qarasangiz, korxona, tashkilot rahbarlari malakali kadrlar yo‘qligidan noliydi. Kadrlar bilan bog‘liq muammoga shaxsan guvoh bo‘lganim uchun aytayapman. Buning sababi nimada?

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Biz doim ish o‘rinlari yo‘q deb bilardik. Savolingizdan ma’lum bo‘layaptiki, bor ish o‘rinlariga munosib kadrlar ham yetishmas ekan. Buning sababi yoshlardagi, balki butun millatdagi o‘zini hayotga tayyorlay bilmaslik illatidadir. Bolalar 11 yil maktabda o‘qiyotganida men nega o‘qiyapman, ertaga kim bo‘laman degan savolni o‘ziga kamdan-kam beradi. Tasodifan to‘g‘ri kelsa, kimdir qayergadir joylab qo‘ysa, shunda davom ettiraman degan yondashuv bor. Jurnalistikani bitirib boradi-yu, tahririyatda ishlashga tayyor emas. Chunki yoshlarning katta qismi bilim emas, diplom olish uchungina o‘qiydi. Kun o‘targa yurish, o‘zining oldiga aniq maqsad qo‘ya olmaslik epidemiyasi yoyilib ketgan. Shuning uchun ham bir tomonda ishsizlar, boshqa yoqda kadr yetishmasligi...

 

 

Hatto xorijdagi yoshlarimiz ko‘p hollarda malaka talab qilinmaydigan qora ishlarni bajarayapti. Lekin millat bolalari qora ishchi bo‘lib qolmasligi kerak. Bundan chiqib ketishning birgina yo‘li bor: har bir odam o‘zining saviyasini yuksaltirsa, o‘tirgan joyida ish topadi. Kerak bo‘lsa boshqalar uchun ish o‘rni yaratadi. Yoshlarimiz yalqovlikka barham berib, o‘z ustida ishlashi, intellektual salohiyatini ko‘tarishi shart deb o‘ylayman.

 

 

Uzoq Jo‘raqulov:

 

– Boboravshan, siz aytganday ish o‘rinlari ko‘p deb o‘ylamayman. O‘zim eshitgan-bilgan ba’zi zavodlarga ishga kirish uchun falon so‘m so‘rashadi. Bilasizmi, xorijda ishlab yurganlar bilan ko‘p gurunglashaman. Ular orasida o‘ttiz yildan beri xorijda yurgan tengdoshlarim bor. Yoshim ellik yetti-da! Ular bilan dildan suhbatlashib amin bo‘lganmanki, umrining eng gullagan davrini uydan uzoqda qora mehnatda o‘tkazib, bunday yurishdan bezib qolgan. Lekin uy ta’mirlash, bolalarini o‘qitishga o‘xshagan katta ehtiyojlar sabab majbur yuribdi. Agar yaxshi ish o‘rinlari yetarlicha yaratilsa, yurtdoshlarimiz mustaqil ta’lim olib ham o‘rganadi.

 

 

Yuqoridagi fikrga kelsak, to‘g‘ri, yaxshi mutaxassislar ko‘p emas. Lekin bilimi, saviyasi yaxshi mutaxassislarni ham ba’zi korxonalarda quchoq ochib kutib olishmaydi-da! Afsuski, tanish-bilishchilik kuchli. Bu barcha sohada bor. Buni endi ochiq aytmasak va bunga qarshi turmasak bo‘lmaydi.

 

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev:

 

– Hatto farroshlarni pora evaziga ishga qabul qilmoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushgani haqida rasmiy xabarlar berildi-ku!

 

 

Uzoq Jo‘raqulov:

 

– To‘g‘ri aytdingiz, Qozoqboy aka! Farroshki pora berib ishga kirayotgan holatda kadrlar yetishmaydi degan masala biroz bahsli. Ayni paytda masalaning ta’limga bo‘lgan munosabatimiz bilan bog‘liq jihati ham borligini inkor etmaymiz. Gap shundaki, o‘zbekni intellektual va boshqa jihatlardan orqaga tortayotgan jihat bizda oliy ma’lumot olish xo‘jako‘rsinga aylanib bo‘lgani. Oltmish-yetmish foiz talaba mutaxassis bo‘lish niyatida emas. O‘qiyapti degan gap uchun unversitetga hujjat topshiradi. Ularning xarajatini qoplash uchun esa ota xorijda qora mehnat qiladi, ona uyda mol boqadi. Bu ham muammoning katta omili. Yoshlar o‘z istagi bilan, shu sohada mutaxassis bo‘laman deb kelsa, o‘zgarish bo‘ladi. Ana shunday niyatdagi kam sonli yoshlarni ishga oladigan mard ham, ish ham yetarli emas. Inson qadr topmasa, uning intellektual darajasiga yarasha e’tibor berilmasa, najotni tashqaridan izlashi tabiiy.

 

Yoshlarning ko‘pi chetda o‘qib, o‘sha yerda ishlashni orzu qiladi. Lekin yana o‘sha gap: chet elda o‘qib ishlayapti degan gap uchun qiziqishadi. Shundan kattaroq maqsadni mo‘ljallaydigan yoshlar oz.

 

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Nega yoshlar faqat diplom olish uchungina o‘qiydi? Bu illat qanday paydo bo‘ldi? Undan qanday qutulish mumkin?