Jadidchilar va qadimchilar nizosini kim uyushtirgan? Sabablar va oqibatlar


Saqlash
16:05 / 15.05.2024 1907 0

Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini bosib olgach, ushbu davlat o‘rnida Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdi va uni boshqarish uchun o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘ydi:

 

– Turkistonda ruslashtirish siyosatini amalga oshirish;

– Turkistonni xomashyo manbaiga aylantirish;

– Xalq maorifini Rossiya manfaatlariga bo‘ysundirish.

 

Rus ma’murlari mustamlakachilikning dastlabki yillaridayoq Turkistondagi maktab va madrasalar faoliyati bilan tanishib, ularning o‘zlari uchun g‘oyatda xavfli ekanligini anglab yetdilar. Turkistonning birinchi general-gubernatori K.P. fon Kaufman bu sohada jonbozlik ko‘rsatdi. U 1880-yildagi Imperiya davlat kengashida ruslar va Turkiston aholisi bolalarini birgalikda tarbiyalash masalasini ko‘tardi. Shuningdek, musulmon va rus maktablarining ajralib turishini iqtisodiy hamda siyosiy jihatdan zararli deb hisobladi.

 

Kaufmanning ushbu g‘oyasini 1884–1889-yillari Turkistonda general-gubernatorlik qilgan N.O.Rozenbax rivojlantirib, rus-tuzem maktablari tarmog‘ini yaratish loyihasini ishlab chiqdi. 1884-yili Toshkentda birinchi rus-tuzem maktabi ochilib, 19-yuzyillik oxirlarida ularning soni yuzdan oshdi.

 

Turkiston general-gubernatori S.M.Duxovskiy (1893–1898) esa Rossiya harbiy vaziriga 1898-yil 6-sentabrda yuborgan axborot xatida rus hukumatining Turkiston o‘lkasida din va maorif sohasida amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlari haqida o‘z mulohazalarini bildirdi. Bular quyidagicha edi:

 

1.                Xalqning ma’naviy-ruhiy holatiga kuchli ta’sir o‘tkazuvchi barcha musulmon muassasalari, ayniqsa madrasa ishlariga faol aralashish.

 

2.                Barcha mahalliy musulmonlarni birlashtirishga qodir musulmon diniy boshqaruvi idorasi faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik.

 

3.                Barcha yerli maktablarni ma’muriyat ixtiyoriga o‘tkazish va barcha mahalliy musulmon o‘quv yurtlari va diniy muassasalarini to‘la ro‘yxatdan o‘tkazish.

 

4.                Barcha musulmon maktablari o‘qituvchilarini ma’lum bir haq to‘lashlari evaziga har yili alohida guvohnoma olishlarini majburiy qilib qo‘yish.

 

5.                Siyosiy jihatdan zararli deb topilgan mahalliy muassasalarni yopish huquqini general-gubernatorga berish.

 

General-gubernatorlarining bunday siyosati Turkiston jadidlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular mustamlaka iskanjasida xarobaga aylanib borayotgan mamlakatlarining ozodligi uchun kurash maydoniga chiqdilar. Jadidlar, birinchi navbatda, maorifni, maktab va madrasalarni tubdan isloh qilish, ta’lim-tarbiya tizimini o‘zgartirish, millatni uyg‘otish uchun kurash olib bordilar. Bu esa, Rossiya imperiyasi hukmron doiralari, general-gubernatorlik siyosiy doiralarini tashvishga sola boshladi. Bu Rossiya ichki ishlar vazirligining 1900-yil 31-dekabrda Turkiston o‘lkasiga yuborgan 13444-raqamli mutlaqo maxfiy farmoyishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Politsiya departamenti bu harakatni har tomonlama o‘rganib, jadidlarning “Yosh turklar” bilan aloqasi, chet el markazlarida, ayniqsa, Turkiyada ularni kimlar rag‘batlantirayotgani, kimlar tomonidan va qayerda yangi usul maktablari ochilgani, kimlar bu maktablarda rahbarlik qilayotgani kabilar haqida ma’lumot so‘raydi.

 

Imperiya hukumati jadidlar faoliyati, mamlakatda kechayotgan madaniy, ma’rifiy, siyosiy ahvol haqida ma’lumot to‘plash vazifasini 1879 yildan beri Toshkentda yashab, gubernatorlikning rasmiy matbuoti “Turkiston viloyati gazeti”ga muharrirlik qilayotgan N.Ostroumovga topshiradilar. U doimiy ravishda Is’hoqxon Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Siddiqiy Ajziy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy va boshqalar haqida Rossiya Ichki ishlar vazirligiga ma’lumot berib turgan.

 

Bundan tashqari, Turkistonning markaziy shaharlarida jadid maktablariga qarshi targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borgan. 1908-yili Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida bir necha ming namozxonlar huzurida usuli jadid maktablariga borgan yoshlar musulmon dini ahkomlariga amal qilmay qo‘yayotganliklari, bunday maktablarda dinga xilof ilmlar o‘qitilayotgani haqida “kuyunib” ma’ruza qilgan. Yig‘ilganlar uning nutqidan ta’sirlanib, “g‘ayridin bo‘lsa ham bizga, dinimizga mehribon ekan”, deb o‘ylaganlar.

 

1909-yilda N.Ostroumovning “Туркестанские ведомости” gazetasining birinchi sonida “Yangi usul maktablarini nima qilish kerak” sarlavhali maqolasi chop etilgan bo‘lib, unda: “Biz o‘lka maorifida biror ish amalga oshirguncha, hatto katta qiyinchiliklar bilan endi bir necha rus-tuzem maktabi ochganimizda, boshqalar tashqaridan (Qirimdan) katta g‘ayrat bilan o‘lka maorifi uchun boshqa bayroq ostida mustaqil faoliyat olib bordi. Bu yangi usul maktablari asta-sekinlik bilan ma’muriyatning hech qanday ruxsatisiz ochila boshladi va ajablanarli, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tomoni shundaki, hozir ham oblast, uyezd ma’muriyatlari, hatto hukumat maktablar inspeksiyasi nazoratisiz davom etmoqda”, deb yozadi.

 

Rossiya imperiyasi hukumati mustamlaka o‘lkalarda maktab sohasida usuli jadid maktablarini taqiqlash, ularning keng tarqalishiga to‘siq qo‘yish, shu bilan bunday maktablar rivojlanishining oldini olish siyosatini yuritdi. Bosqinchi imperiya yangi maktab egalariga qadimchi ulamolarni qarshi qo‘ydi va bu kurashda ularni rag‘batlantirdi. Bu vaqtda Turkiston jamiyatda ulamolarning mavqeyi yuqori edi va xalqning ularga ergashishi tabiiy edi.

 

Imperiyaning jirkanch maqsadini anglagan taraqqiyparvarlar milliy matbuot sahifalarida jadid va qadim o‘rtasidagi munozaralar tilga olinib, ularni bartaraf etish kerakligi ta’kidlangan. Jumladan, “Al-Isloh” jurnalida taraqqiyparvar mulla Hoshim Hayratiy bu ikki toifa o‘rtasidagi bahs-munozarani to‘xtatib, millat jaholat botqog‘iga cho‘kayotgan, tanazzul alamini chekayotgan bir paytda ziyolilarning ittifoq bo‘lib yashashini orzu qilgan:

 

Ajabki, yangi ila eskilikning da’vosi,

Muravvaj qildi ana ushbularni savdosi.

Menumcha, ikkisi bir din kitobini o‘qitur,

Qay o‘rinda ekan yangilarni bajosi.

 

1905–1909-yillari Turkiston mintaqasida yangi usul maktablarining soni ancha ko‘payadi. Mana shunday sharoitda Rossiya imperiyasi mutasaddilari mutaassib ulamolar yordamida jadid maktablariga qarshi jiddiy  kurashga kirishadi. 1908-yili Buxoro shahrida Abduvohid Munzim va Sadriddin Ayniy tomonidan ochilgan maktabni mulla Abdurazzoq boshchiligidagi ulamolar “kofirlarning ixtirosi” deb, jamiyat va hukumatni unga qarshi kurashishga chorladi. Yangi usul maktablariga qarshi ikki asosni ko‘tarib chiqdilar:

 

1.            Maktabda ta’lim shakli musulmoncha emas, rus va yevropacha usulga yaqin;

 

2.            Usuli jadid maktablari islomning asosiga javob bera olmaydi, ularda din o‘qitilsa ham buziladi, bundan tashqari yangi hisob, jo‘g‘rofiya, tabiat o‘qitiladiki, bu musulmonlar zehniyatiga xilofdir.

 

Natijada bu maktab bir yillik faoliyatidan so‘ng yopib qo‘yiladi.

 

Farg‘ona viloyati xalq o‘quv yurtlari inspektori O.Yegorov 1909-yili Turkiston o‘lkasidagi rus-tuzem maktablarining ahvoliga bag‘ishlangan maxsus kengashda kuyunib shunday deydi: “Yaqin kelajakda yangi metoddagi mahalliy maktablarning keng yoyilishi va ularga nisbatan mahalliy aholi e’tiborining keskin ortib borishi bilan rus-tuzem maktablari batamom xarob bo‘ladi”. Buning oldini olish maqsadida o‘sha yili Turkiston o‘quv okrugi qoshidagi maxsus komissiya usuli jadid maktablarini nazorat qiluvchi farmoyish ishlab chiqadi. U quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan edi:

 

1.                Mahalliy maktablar Rossiya hukumatining maxsus ruxsatnomasi bilan ochiladi.

 

2.                Mahalliy maktablarni ochish va unda o‘qitish siyosiy jihatdan to‘la ishonchli bo‘lgan Rossiya fuqarolarigagina ruxsat etiladi.

 

3.                Mahalliy maktab qaysi millat bolalari uchun ochiladigan bo‘lsa, uning o‘qituvchilari ham o‘sha millatga mansub bo‘lishi shart.

 

4.                Mahalliy maktablarda faqat Rossiya senzurasi ruxsati bilan chop etilgan kitoblar o‘qitiladi.

 

5.                Ma’muriy politsiya idoralarida ishlovchi mas’ul shaxslar zimmasiga barcha mahalliy musulmon maktablarini aniq ro‘yxatga olib borish va ro‘yxatdan o‘tmagan maktablarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi yuklatiladi.

 

6.                Maxsus ruxsatsiz maktab ochgan shaxslar maktab ochish va o‘qituvchilik ishidan abadiy mahrum etiladi.

 

7.                Mahalliy maktablardagi o‘qitish ishlari va ularda joriy etilgan tartib-qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat qilib turish mahalliy ma’murlarga hamda maktab nozirlariga yuklatiladi.

 

Ushbu farmoyishga binoan, Turkiston o‘lkasidagi bir necha maktablar yopib qo‘yiladi, o‘qituvchilari tintuv qilinadi. Jadid maktabdorlariga qarshi olib borilayotgan bunday ta’qiblar haqida Rossiya Davlat dumasi a’zosi Sadri Maqsudiy (1880, Qozon – 1957, Turkiya) 1912-yilda uchinchi chaqiriq Rossiya Davlat dumasi minbarida quyidagilarni bayon qilgan edi: “Har bir millatning o‘ziga xos muqaddas, qadrli odatlari mavjud. Adolatli davlat xalqlarning bunday qadriyatlariga qarshi hech vaqt daxl qilmaydi. Bular millatning tili, badiiyati, maktabi va boshqalardir. Bizning hukumatimiz esa turkiy millatlarning muqaddas odatlariga qarshi muntazam ravishda tajovuz qilib turadi: maktablarimiz, adabiyotimiz, badiiyatimiz ta’qib ostiga olinadi. Faqat bir yil davomida 150 dan ortiq eng e’tiborli o‘qituvchilar, mullalarning uylari tintuv qilindi. Qo‘qon shahrida mahalliy inspektor farmoyishi bilan 20 ga yaqin maktab yopildi va o‘qituvchilari haydab yuborildi. Toshkentda Munavvar Qoriga madrasa qoshida rus sinfi ochishga ruxsat berilmadi, Namanganda Husayn Makayev o‘qituvchilik ishidan chetlashtirildi”.

 

Oradan biroz vaqt o‘tib, 1913-yili Buxoro amirligining turli hududlarida Abdurauf Fitrat, Usmon Xo‘ja, Otaulla Xo‘ja, Mukammil Burxonovlar tomonidan jadid maktablari keng miqyosda ochila boshlaydi.

 

Usmon xo‘ja 1913-yili Buxoro shahrida amakivachchasi, yirik savdogar Latifxo‘ja uyida jadid maktabi ochadi. Sadriddin Ayniyning ma’lumot berishicha, 1913-yilda Usmonxo‘ja maktabining o‘quvchilari asosan o‘zining qarindoshlari bo‘lib, keyinchalik ko‘plab otalar farzandlarini bu maktabga o‘qitish uchun olib kelganlar. O‘sha yilning yozida maktab o‘quvchilari sonining ko‘pashi natijasida Usmon Xo‘ja boshqa binoni ijaraga oladi va ikkita yordamchi o‘qituvchi bilan bolalarga tahsil bera boshlaydi. 1914-yilda o‘quvchilar soni 200 nafarga yetganligi sababli Usmonxo‘ja maktabni o‘z uyiga ko‘chiradi.

 

Usmonxo‘ja maktabida bolalarni yoshlariga qarab sinflarga bo‘lish, bir kunda 4-5 soatdan ortiq dars o‘tmaslik, har bir darsdan so‘ng 10 daqiqalik tanaffus joriy qilish, diniy va dunyoviy fanlarni barobar o‘qitish, har yili bolalarga 2 oylik ta’til berish, o‘quvchilardan vaqti-vaqti bilan imtihon olib turish kabi yangi tartiblar joriy qilingan. Dars jarayonlarida milliy o‘quv qo‘llanmalar va darsliklardan tashqari, Turkiyadan olib kelgan o‘quv qurollari, globus, xaritalar, turk tiliga tarjima qilingan Yevropa adabiyotlaridan ham keng foydalanilgan.

 

Rossiya imperiyasining Buxorodagi amaldorlari jadid maktablarining xalq orasida tobora shuhrat topib borishidan xavotirga tusha boshlaydilar va bu maktablarini yopish uchun mutaassib ulamolardan foydalanishga qaror qiladilar. O‘zlarini Buxoro yoshlariga xayrixoh qilib ko‘rsatib, aslida ulamolarni ularga qarshi gijgijlaydilar.

 

Ulamolar va saroy amaldorlari jadid maktabdorlariga katta miqdorda pul va obro‘li yuqori lavozimlar berishni taklif qilishga urinib ko‘rganlarini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Sadriddin Ayniyning yozishicha, Buxoro qozikaloni Burhoniddinning vakili Mulla Qamariddin Usmonxo‘jaga: “Agar siz o‘z ixtiyoringiz ila maktabingizni bog‘lasangiz, tilagan yeringizda qozi yoki rais qildirmoqni qozikalon tomonidan va’da beraman”, deydi. Shunda Usmonxo‘ja: “Muallimlik qilishimiz, ochlikdan yoki mansabga yetisha olmaganligimizdan emas, balki xalqqa va yurtimizning bolalariga bir oz foyda yetkuzarmiz deb muncha mashaqqatlarni boshimizga yukladik, tutgan muqaddas maslagimizni dunyo mansabiga sotmaymiz”, deb javob beradi.

 

Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agenti yordamchisi Shulga Usmonxo‘ja maktabiga ogohlantirmay borib, u yerdagi sharoitlarni ko‘rib, lol qoladi. Uning yozishicha, Usmonxo‘ja o‘z uyining ichki hovlisida birinchi va ikkinchi qavatida juda keng ikkita sinf xonasi tashkil qilgan bo‘lib, xonalarda Yevropa va Buxoroda ishlab chiqarilgan stol-stullar, devor ichidagi javonlarda ikki-uchta globus hamda Samarqandda nashr etilgan ko‘plab kitoblar, talabalarga berilgan daftarlar mavjud bo‘lgan. Shulga “maktab juda ozoda bo‘lib, eski usul maktablari bilan solishtirganda juda taraqqiy etgan edi, rus-tuzem maktablarida joriy qilinmagan tartiblarning, jumladan, o‘quvchilarga bir xil kiyim tashkil qilingani alohida tahsinga sazovor”, deb tan olgan. O‘zini Buxoro yoshlari va jadid maktablari himoyachisi qilib ko‘rsatgan Shulganing bu tashrifi aslida maktablar yopib qo‘yilganda, Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agentligini gunohsiz qilib ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan.

 

1914-yili Samarqandda Abduqodir Shakuriy, Siddiqiy Ajziy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin va boshqa maktabdorlarga qarshi mutaassib ulamolarning targ‘iboti kuchayadi. 1914-yil 3-yanvarda Ulug‘bek madrasasi jome’sida juma namozidan keyin 5-6 ming namozxon oldida Mulla Abbos jadid maktablarini kofirlikda ayblaydi va: “Jadid maktablarida bolalar dinsiz bo‘lib yetishadurlar. Uning muallimi va homiylari ham dinsiz, kofir kimsalardur. Mana shunday maktablarga har kim o‘z bolasini yuborsa, o‘zi kofir, xotini taloq!” , deb fatvo beradi.

 

Samarqanddagi jadid maktablarini N.Ostroumov va Samarqand xalq maktablari inspektori Grachkin tekshiradi va ularni tugatish kerak, degan xulosaga keladi. Maktablar aholining qo‘llab-quvvatlashi bilan 1916-yilgacha faoliyat ko‘rsatadi.

 

Xulosa qilib aytganda, jadid – qadim nizosi aslida bosqinchi Rossiya imperiyasi tomonidan o‘ylab topilgan nayrang edi. Chunki mustamlakachi hukumat “Bo‘lib tashla, hukmronlik qil” shiori ostida Turkistonda yashovchi millatlarni, turli dinga e’tiqod qiluvchilarni, jadidlar va ulamolarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib, kuchsizlantirib, Turkistonda mustahkamlanib olishni maqsad qilgan edi. Bu maqsadiga erishdi ham. Arzimagan rag‘bat evaziga ayrim mutaassib ulamolar millat kelajagi uchun kurashayotgan jadidlar tomonidan ochilgan yangi usul maktablarini yopib qo‘yishda jonbozlik ko‘rsatdilar. Ammo millat oydinlari taraqqiyot uchun o‘z maslaklaridan va g‘oyalaridan voz kechmadilar. Jadid maktablari faoliyatini muntazamlashtirish uchun ortga chekinmadilar.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

tarix fanlari doktori,

FA Tarix instituti direktorining

ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 24.05.2024 0 357
Ma’naviyat – inson bo‘lib yashash degani





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19548
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16995
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi