“Prezident qarorgohining eshiklari barcha uchun ochiq” – koʻp qavatli uyda yashab, hamyurtlari qatori maosh oladigan prezident bilan suhbat


Saqlash
16:05 / 17.05.2024 861 0

U koʻpchilik yurtdoshlari qatori, koʻp qavatli uylardan birida yashaydi. Aytishicha, yuqori qavatdagi qoʻshnisi xonadoniga suv toshirib yuborgan vaqtlar ham boʻlgan. “Lekin bu har kim bilan sodir boʻlishi mumkin, vahimali joyi yoʻq” – deydi u. Uyda nonushtani oʻzi tayyorlaydi, tushlikni esa onasi tayyorlab, ishxonasiga keltirib beradi. Roʻzgʻorni ham baʼzan oʻzi yoki onasi qiladi. Oylikka kun kechiradi, daromadi Jahon bankida ishlagan vaqti oyiga (soliqlardan tashqari) 10 ming yevroni tashkil etgan, hozir esa hamyurtlari qatori, salkam 1000 yevro.

 

U xayking bilan shugʻullanishni juda yaxshi koʻradi. Stressga tushganida ham uzoq va murakkab yuqoriliklarda yurish orqali “davo” topadi. Xayking vaqtida barcha kabi quloqchinda qoʻshiq emas, tabiat “saundtrekini” tinglashni maʼqul koʻradi. Musiqa borasida Coldplay rok guruhining ijodini qadrlaydi, yaqin orada ularning konsertiga tushish niyatida.

 

Mobil telefondan foydalanadi, telegram messendjeridan esa yoʻq. Instagram sahifasiga postlarni baʼzan oʻzi, baʼzida hamkasblari joylaydi.

 

Uning ish bilan bogʻliq boʻlmagan orzusi – koʻp va tiniqib uxlash hamda 1-2 haftaga toqqa borish. Ish bilan bogʻligʻi esa Moldovani tezroq Yevropa Ittifoqiga aʼzo qilishdir.

 

 

Yuqoridagi maʼlumotlar qanchalik oddiy va kamtar koʻrinmasin, 51 yoshli Moldova prezidenti Mayya Sandu haqida edi. Rossiyalik jurnalist Yuriy Dud Sandu bilan intervyu uyushtirdi. “Oyina.uz” Mayya Sanduning eʼtiborga molik baʼzi fikrlarini oqqa koʻchirdi.

 

Ukrainadagi urush va Moldova(liklar)ning unga munosabati

 

– Agar Ukraina prezidenti Zelenskiy oʻrnida boʻlsam va urush boshlanganida turli davlatlar xavfsizlik koridori orqali chiqib ketishni taklif qilsa, men ham hamyurtlarim bilan vatanda qolish yoʻlini tanlagan boʻlardim. Yagona toʻgʻri qaror – bu qolish. Chunki sen oʻz xalqingga, ularning xavfsizligiga javobgarsan. Seni mamlakat xavfsizligini taʼminlashing uchun saylashgan. Unday vaziyatda barcha odamlar senga qarab turadi va sen mamlakat aholisi uchun hamma narsa qilishga tayyor turishing kerak. Bu yerda boshqa gap (tanlov) boʻlishi mumkin emas!

 

– Urush boshlanganda ukrainalik qochoqlarga butun jamiyatimiz yordam berdi va berib kelmoqda. Eslatib oʻtaman, deyarli million nafar qochoq Moldova Respublikasi orqali boshqa hududlarga oʻtgan. Baʼzilar bu yerda bir necha kun qoldi, boshqalari bir necha hafta. Hozir esa Moldovada yuz ming nafar ukrainalik qochoq bor. Va shuni aytmoqchimanki, bu borada hech qanday muammo boʻlmagan. Aksincha, fuqarolarimiz umuman tanimagan, bilmagan odamlar (qochoqlar) uchun oʻz eshiklarini ochdi. Bunda balki, davlat toʻliq yordam berolmasligi ham mumkin edi. Chunki bizda bunchalik koʻp odamga yordam berish imkoni yoʻq edi. Lekin urushning dastlabki oylarida hokimiyatning maʼlum qismi faqat qochoqlar masalalari boʻyicha ishladi.

 

– Rossiya Moldovani bosib olmasligi uchun barcha choralarni koʻrganmiz. Jumladan, Yevrointegratsiya rejasini ham. Bu birinchi navbatda, xavfsizlikni taʼminlash sanaladi. Chunki Yevroittifoq – birinchi  tinchlik loyihasidir. Konstitutsiya boʻyicha tinchlikni saqlab qolish va fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash uchun hamma narsa qilishimiz kerak. Buning uchun bizda armiya va mudofaa sektori bor. Ammo biz bu urush tez orada yakun topishidan va oʻz sarmoyamizni iqtisodiyot va boshqa sohalarga yoʻnaltirishdan umid qilamiz.

 

Putin siyosati haqida

 

Barchamiz bilamizki, Putin Ukrainada urush boshladi va buni toʻxtatishi ham mumkin. Ammo afsuski, buni istamayapti.

 

Maʼlumot uchun, Sandu Deutsch Welle nashriga bergan intervyusida ham Rossiya Ukrainaga qilgan urushi uchun jazolanishi kerakligini aytgandi.

 

2022-yil Moldovada nega gaz narxi bir necha barobarga oshib ketgandi?

 

– Butun Yevropa boʻylab narxlar yuqorilagan oʻsha yili, “Gazprom” bilan shartnomamiz ham tugagan. Ular shartnomani uzaytirishni istamadi: kompaniya 700 million dollar qarzni hukumat oʻz boʻyniga olishini xohlagan. Bu qarz esa “Moldovagaz”ga tegishli boʻlgan. “Gazprom” “Moldovagaz”ning majoritar (yirik) aksioneri edi. Biz qarz boʻyicha masalani oʻrganib, tekshirib chiqishni va buning uchun vaqt kerakligini aytdik. Chunki bu qarzlar qayerdan paydo boʻlganini chindan ham bilmasdik. Shuning uchun qarzni toʻlash boʻyicha hujjatni imzolamaganmiz. Uning imzolanishi – isteʼmolchilarimiz narxi yuqorilagan gaz toʻlovidan tashqari, kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan qarz uchun ham pul toʻlashi kerakligini anglatardi. Bu masala boʻyicha biz xalqaro auditor yolladik. Shundan soʻng maʼlum boʻldiki, “Moldovagaz”ning “Gazprom” oldidagi qarzi 700 million dollar emas, 8 million dollarni tashkil etgan.

 

 

– Gaz borasida muqobil tanlov boʻlishi va bizni shantaj qilolmasliklari  uchun barcha choralar koʻrildi. Bugungi kunda Moldova gazni ochiq bozordan, yaʼni Yevropadan eng yaxshi narxlar asosida sotib oladi. Asosiysi, 30 yildan buyon ilk marta fuqarolarimizning talablari va eng qulay narxlar asosida tanlov qilish imkonimiz bor.

 

Moldova prezidentining soʻngi bor toʻkilgan koʻz yoshiga nima sabab boʻlgan?

 

– Moldovalik jurnalistlarning Ukrainadagi urush haqida suratga olgan filmini koʻrganimda yigʻlagandim. Kinoda jurnalistlar hatto, front liniyasini ham suratga olgan. Urush boshlangan kuni ularning biri Odessada, ikkinchisi front liniyasiga juda yaqin joyda boʻlgan ekan.

 

Mayya Sandu odamlarning diqqat markazida emas, koʻzidan yiroqroq boʻlishni maʼqul koʻradi

 

– Biror yerga chiqqanda “24 soat davomida” qarab turishlari menga noqulaylik tugʻdiradi. Masalan, xayking bilan shugʻullanish juda yoqadi. Lekin odamlar yurishga chiqqan paytim qanday koʻrinishdaligimdan to qanday yurishimgacha diqqat bilan qarashadi. Bunga koʻnikkan boʻlsam-da, bu holat menga yoqadi, deb aytolmayman. Xorijga chiqqanimda bir necha soat boʻsh vaqt topsam, u yerda meni hech kim tanimaydi va sayr qilish nisbatan yengil kechadi. Doimiy koʻrinish berishni, diqqat markazida boʻlishni yoqtiradigan odamlarni bilaman. Lekin ozgina koʻzdan yiroqroq boʻlishni xohlaydiganlar ham bor.

 

– Restoranlardan biriga borganimda, kimdir ofitsiantga “Bilasizmi, bu bizning mamlakatimiz prezidenti”, degan. Shunda odamlar “Qoʻriqchilaringiz qani? Bu yerga qanday qilib kelib qoldingiz”, deb hayratomuz soʻray boshlagandi.

 

Mayya Sandu nega prezidentlarga ajratilgan Kondritsa qarorgohida emas, koʻp qavatli uyning ikki xonali kvartirasida yashaydi?

 

 

– Kondritsa oʻrmonida Sovet davri – 1960-yillarda qurilgan uylar bor. Bu yerda bir qancha sobiq prezidentlar yashagan. Men esa 2003-yilda sotib olgan ikki xonali kvartiramda yashayman. Chunki qarorgohda yashash davlatga qoʻshimcha xarajatlar keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, yoʻl uchun ortiqcha vaqt sarflagim kelmaydi: uyim ishimga yaqin yerda joylashgan. U yerda prezident boʻlgunimga qadar ham yaxshi yashaganman, hozir ham shunday. Shuning uchun ham oʻz uyimda qolish toʻgʻriroq, deb oʻyladim.

 

Prezidentning qoʻriqchilari qoʻshnilarga noqulaylik tugʻdirmaydimi?

 

– Qoʻshnilarim bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Ha, birinchi qavatda podyezdni qoʻriqlovchi odam bor. Lekin u tufayli qoʻshnilarga tegishli biror nima oʻzgardi, deb oʻylamayman. Aksincha, bu ular uchun ham yaxshi. Chunki qoʻriqchilar sababli ular ham oʻzlarini xavfsiz his qilishi mumkin. Albatta, boshqalar nomidan gapirolmayman, ammo qoʻshnilarga muammo va noqulaylik keltirib chiqarmayapman, degan umiddaman.

 

2020-yil prezident saylovidan oldin Mayya Sandu Kondritsa qarorgohini ijtimoiy extiyojmandlarga berishini aytgan. Hozir esa...

 

– Bu yerda koʻplab ukrainalik qochoqlar yashadi. Undan keyin biz madaniy markaz ochishni oʻylagandik, biroq bu katta sarmoya talab etarkan. Shundan keyin bu loyihani keyinroqqa qoldirdik. Chunki bizda boshqa, undan muhimroq masalalar bor edi. Bu yerga baʼzan mamlakatning turli nuqtalaridan boʻlgan talabalarni xayking bilan shugʻullanish uchun taklif qilib turaman. Ularga oʻrmonni tanishtiraman, koʻproq daraxtlar ekish kerakligi haqida gaplashamiz. Chunki bizda oʻrmon maydoni yetarli emas, qolaversa, oʻzim koʻchat oʻtkazish boʻyicha milliy dasturning faol targʻibotchisiman.

 

 

Moldovada Prezident qarorgohining eshiklari barcha uchun ochiq

 

– Prezident qarorgohining eshiklari ochiq turadi. U yerga odamlar bemalol kirib-chiqib yurganini koʻrishingiz mumkin. Bino tashqarisidagi toʻsiq devorni olib tashlash esa qimmatga tusharkan. Ammo eshiklarimiz devorlar bor-yoʻqligidan qatʼiy nazar barcha uchun ochiq. Binoga talabalar va maktab oʻquvchilari ham kelib turadi. Chunki men va hamkasblarim ishlaydigan bu binoda mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan. Oʻsha zalni ham istalgan kishi kirib, koʻrishi mumkin. Yaʼni, saylovoldi aytilgan jamoatchilik uchun Qarorgoh toʻsiqlarini olib tashlash vaʼdasi qaysidir maʼnoda amalga oshirildi, ochiqlik bor. Bino devorlari esa ortiq ahamiyatga ega emas.

 

Prezident ish kuni yakuniga yetgach nima bilan shugʻullanadi?

 

– Alohida kunlar, maxsus vazifalardan tashqari odatiy ish vaqtim kechki 20:00 da yakuniga yetadi. Uyga qaytgach, elektron pochtamga kelgan xabarlarni oʻqiyman. Kun boʻyi boshqa asosiy masalalar bilan band boʻlganim uchun ularni oʻqishga ulgurmayman. Ish payti esa hamkasblarim yuborgan, tanishishim kerak boʻlgan muhim yangiliklarni oʻqiyman. Biroq ikkinchi darajali (koʻngilochar) kontentlarni koʻrish yoki kuzatishga vaqt ajratolmayman. Ularni ishdan keyin koʻrishim mumkin. Bizda tanlangan yangiliklar dayjesti bor. Ammo men oʻzim undan tashqari xabarlarni ham oʻqib boraman.

 

Stressni yengish

 

– Xayking bilan shugʻullanish stressni yengishda hamma narsadan koʻproq yordam beradi. Ayniqsa, togʻli, yurish murakkab boʻlgan hududlarda, baʼzan shu yerda [Kondritsada] ham kuniga 15-20 kilometrlab yurish samarali boʻladi. Mashgʻulotni quloqchinsiz bajarishga harakat qilaman. Tabiat tovushini tinglash koʻproq tinchlantirib, zavq beradi.

 

Prezidentlikka saylanishdan avvalgi uch asosiy vaʼda va uning ijrosi

 

Mayya Sandu hukumatga 3 ta asosiy vaʼda bilan kelgan: Yevrointegratsiya, Adliya tizimida islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurash.

 

Yevrointegratsiya boʻyicha natijalar 2022-yildan sezila boshlagan: oʻsha yilning iyunida Moldova Yevroittifoqqa aʼzo boʻlish uchun nomzod statusiga ega boʻldi. 2023-yilning dekabridan boshlab YIga qoʻshilish boʻyicha muzokaralar boshlandi. Bularning barini umumlashtirib, bitta vaʼda deb aytgan boʻlardim. Chunki agar samarali adliya tizimi boʻlmasa, korrupsiyaga qarshi kurashni amalga oshirib boʻlmaydi. Shuning uchun ham biz korrupsiya bilan kurashadigan kuchli, sotilmaydigan institutlar yaratish ustida ishlayapmiz. Lekin ular samara berishi uchun avval, tizimni tozalash kerak.

 

– Men aslida, hech qachon prezident boʻlishni rejalashtirmagandim. Ammo bir kuni hamkasblarim bilan deyarli barcha siyosiy partiyalarda korrupsiya borligi, ular demokratiyaga putur yetkazayotgani, odamlar siyosat – bu qayerdandir keladigan kir pullar, deb oʻylay boshlaganini kuzatganimizdan soʻng, hech kimga ovoz bermasdan, normal siyosat partiyasini yaratishga qaror qildik. Jahon bankida ishlab topgan pullarim menga keyingi faoliyatimda asqatdi: Partiya tashkil qilganimizda, maosh berish uchun umuman pul boʻlmagan. Biz faqat bir kishiga oylik toʻlaganmiz. Qolganlar esa koʻngilli sifatida faoliyat yuritgan. Biz bu bilan haqqoniy siyosat boʻlishi mumkinligi, qonuniy moliyalashtirish va siyosiy partiyadagi shaffoflikni koʻrsatishni istadik. Bu kurashni 2015-yil boshladik va 2020-yilga kelib, mamlakatdagi korrupsion siyosatdan forigʻ boʻlishga qaratilgan barcha ishlar olib borilgan. Hokimiyatga kelgan vaqtimiz korrupsiyalashgan tarkib rahbarlari (Vladimir Plaxotnyuk, Ilan Shor va boshqalar) mamlakatni ham tark etgan. Shundan keyin biz sud islohotlarni boshladik. Chunki kim korrupsioner yoki yoʻqligini va kimni hibsga olish yoki olmaslik kerakligini prezident aniqlolmaydi. Aslida men ham islohotlar tezroq yakuniga yetib, tizim tozalanishini istayman.

 

Ikki yil ichida Moldovada oʻnlab OAV bloklangan, bu senzurami?

 

– Barcha demokratik koʻrsatgichlar boʻyicha xalqaro reytinglarda Moldovaning oʻrni yuqorilab bormoqda. Masalan, OAV erkinligini aytadigan boʻlsak, Moldova bugun bir qancha Yevropa mamlakatlarini ham ortda qoldirib, 28-oʻrinni egallagan. 80-pogʻonadan 2-3 yil ichida shu oʻringacha yuqoriladik. Bu bizning baho emas, xalqaro reytingdagi obyektiv baho.

 

Bir qancha medianing bloklanish holati esa senzura emas. Ular ommaviy axborot vositalarimas, dezinformatsiya vositalari edi. Baʼzilarining moliyalashtirilishi esa xalqdan oʻgʻirlangan pullar evaziga amalga oshirilgan. Qonunchilikka zid holatlarga, albatta, chora koʻrish kerak. Bir soʻz bilan aytganda, bugun bizda OAVga senzura yoʻq. Biroq qonunga amal qilmaslik, mamlakatni destabilizatsiya qilishga urinish orqali milliy xavfsizlikka putur yetkazadigan holatlar bor.

 

 

 

– Bizda meni va hukumatni tanqid qiladigan medialar koʻp. Ular asossiz boʻlishi ham mumkin. Lekin muammo bunda emas. Tanqidiy muhokamalar normal. Biroq mamlakatdan oʻgʻirlangan pullarni aholiga dezinformatsiya yetkazish uchun sarflanishi – normal emas. Oʻzini hurmat qilgan jurnalist oylik sifatida berilayotgan pullar qayerdan olinishini bilishi kerak, deb oʻylayman.

 

Nega koʻpchilik moldovanlar Ruminiyaga qoʻshilish tarafdori?

 

– Taxminan 13 yillardan buyon Ruminiya pasportiga egaman. Millionlab fuqarolarimizda, jumladan, buvi-buvamda ham Ruminiya pasporti bor. Bu pasport Yevropaniki sanalib, Moldovada Yevroittifoqning millionlab fuqarolari borligini bildiradi. Bu esa Yevroittifoqqa qoʻshilish yoʻlimizni yanada qisqartirishi kerak. Aholining katta qismi “Moldova YIning bir qismi boʻlishi kerak”, deb hisoblaydi. Biz esa ularning tanlovini hurmat qilamiz va bu masala ustida ishlaymiz.

 

– Yaxshiroq yashash sharoiti, Yevroittifoqqa tezroq qoʻshilish va boshqa turli sabablar bilan koʻpchilik Moldovani Ruminiyaga qoʻshilishi tarafdori. Men esa Moldova uchun eng yaxshi va haqiqatga yaqin yoʻl – Yevroittifoqqa qoʻshilish deb hisoblayman. Shunda Ruminiya bilan ham, boshqa Yevropa mamlakatlari bilan ham chegara boʻlmaydi. Biz Ruminiya bilan Yevroittifoqda koʻrishamiz.

 

Prezidentning oylik daromadi

 

– Rasmiy oylik daromadim deyarli 1000 yevro va men shu oylikka yashayman. Bu miqdordagi oylik daromadi bilan kun kechiradigan faqat men emas, koʻplab moldovanlar 1000 yevroga yaqin daromad topadi.  Biz barcha daromadlar yuqorilashini, iqtisodiyotimiz kuchliroq boʻlishini xohlaymiz va buning ustida ishlamoqdamiz.

 

Saylovda Mayya Sanduga ovoz berib, bundan afsuslanayotganlarga prezident nima deydi?

 

– Biz mamlakatni haqqoniy odamlar boshqarishini vaʼda qilganmiz va buni bajaryapmiz. Oligarxlar hali ham panjara ortiga kirmagani haqiqat. Lekin ular ortiq hokimiyatda emas va mamlakat pulini sovurmayapti – bu juda muhim. Avval oʻgʻirlagan pullarini qaytarish ham jiddiy masala. Iqtisodiyotimiz yaxshilanishi ustida ishladik, ishlayapmiz. Eslatib oʻtaman, biz energetika tanqisligini boshdan kechirdik, keyin urush, u yerdan kelgan qochoqlar... Hozir duch kelayotgan muammolarimizning barchasi faqat tashqi inqirozlar sabab yuzaga kelgan, demoqchimasman. Lekin baribir, bu Moldova tarixidagi eng murakkab davr boʻldi, menimcha. Boshqa tarafdan, biz Yevrointegratsiya boʻyicha jiddiy qadam tashladik. Bu barcha uchun muhim, chunki YIga qoʻshiladigan boʻlsak, butun moldovaliklarning hayoti yaxshilanadi.

 

Maʼlumotlar ogʻzaki nutqdan matnlashtirilgani uchun, mazmunini saqlagan holda umumlashtirib, boʻlimlarga ajratilgan. Xronologik ketma-ketlik videodagidan farq qilishi mumkin.

 

Muqaddas MUSAYEVA tayyorladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 1822
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 191
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19720
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17260
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//