Qashqadaryoda yana bir bola “Dok-1 Maks” sabab vafot etdi

Saqlash
11:12 / 29.12.2022 69693 0

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi bola “Dok-1 Maks” siropi sabab vafot etdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

 

Maʼlum qilinishicha, 2021-yilda tugʻilgan X.Sh. 5 kun davomida oʻz turar joyida “Dok-1 Maks” siropini isteʼmol qilib kelib, sogʻligi yomonlashganligi sababli 27-dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib kelingan. Koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 28-dekabr kuni vafot etgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizovning viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Davronbek Jumaniyozovga yozgan xati nusxasi paydo boʻlgandi, unda “Dok-1 Maks” tabletkalari va siropini qabul qilgan bemorlarda asoratlar yuzaga kelgani va oʻlimi haqida soʻz borgan.

 

Oradan vaqt oʻtib, Bolalar ombudsmani Samarqandda “Dok-1 Maks” tabletka va siroplarini isteʼmol qilishi natijasida vafot etgan bolalar soni 18 nafarga yetganini maʼlum qilgandi. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridan boʻlgan. Ularning barchasi 6 yoshgacha boʻlgan.

 

Keyinchalik SSV 18 nafar bola “Dok-1 Maks” siropini ichib vafot etganini tasdiqlagan. Uning tarkibidan tarkibida zaharli modda — etilenglikol topilgan. Aniqlanishicha, dori shifokor retseptisiz, mustaqil yoki farmatsevt tavsiyasi bilan sotib olingan va meʼyordan ortiq dozada qabul qilingan. Holat oʻrganilgach, yetti nafar masʼul ishdan olingan. Dori savdosi esa toʻxtatilgan.

 

Shundan soʻng DXX Tergov boshqarmasi tomonidan 18 bola oʻlimiga sababchi boʻlgan “Dok-1 Maks” bilan bogʻliq holat boʻyicha Quramax medical hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev esa siropini qabul qilgan bolalar oʻlimi haqidagi maʼlumotlar vazirlikdan yashirilganini aytgandi. U 18 nafar bolaning ota-onasiga hamdardlik bildirib, uzr soʻragan.

 

Mavzuga doir: Dorida zaharli modda borligi nega 18 bola oʻlgunicha aniqlanmagan? Shuni aniqlashga masʼul boʻlgan masʼul kim? Shu masʼulning ustidagi masʼul-chi? – faollar koʻrilgan choralardan qoniqmayapti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish