“Hizb ut-tahrir al-islomiy” oqimining faol aʼzosi qoʻlga olindi

Saqlash
16:05 / 15.05.2024 1095 0

DXX Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan “Hizb ut-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimining faol aʼzosi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi, deb xabar berdi OʻzA.

 

Xabarga koʻra, Oltiariq tumanida yashovchi Abdumutal Abdurahimov Rossiya Federatsiyasida ishlagan vaqtda vaqtida islom diniga qiziqishi tufayli internet orqali turli maʼruzalarni eshitib yurgan.

 

Jumladan, u mazkur diniy terroristik tashkiloti tarafdorlarining Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi tuzumini Konstitutsiyaga xilof ravishda oʻzgartirishga xizmat qilishga qaratilgan maʼruzalaridagi aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan video va audio materiallarni eshitib, ularning taʼsirida ekstremistik gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlagan.

 

U Telegram messenjeri orqali oqim tarafdori M.A. bilan aloqa qilib, yozishmalar ham olib borgan.

 

“Hizb ut-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimiga aʼzo boʻlib, ularning kitoblaridan virtual taʼlim ola boshlagan.

 

Shundan soʻng Abdurahimov “Hizbiy xalqa”da virtual tarzda olgan diniy saboqlari natijasida diniy aqidaparastlikka berilib, uning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlagan.

 

Xabarga koʻra, u ushbu diniy tashkilotga sodiqlik qasamyodini ham qabul qilgan hamda oylik daromadidan aʼzolik badali toʻlab kelgan.

 

Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda diniy oqimning gʻoyalarini faol targʻib qilgan.

 

Oltiariq tumaniga qaytib kelgach esa Telegram'da turli guruhlarni tashkil qilgan hamda oʻzining tanishlarining profillarini bu guruhga qoʻshgan.

 

A.Abdurahimov, shuningdek, aqidaparastlik gʻoyalaridan saboq berib kelgan.

 

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida A.Abdurahimovning qilmishlari fosh boʻldi.

 

Uning telefonidan olingan ashyoviy dalillar diniy oqimning materiallari ekanligi aniq boʻldi.

 

Yakunda, Jinoyat ishlari boʻyicha Bagʻdod tuman sudining hukmiga koʻra, u 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//