Bu yilgi attestatsiya natijalari eʼlon qilindi

Saqlash
18:05 / 27.05.2024 1075 0

2024 yilning 15-aprelidan to 20-mayigacha davom etgan malaka sinov jarayonlari boʻyicha maʼlumot berildi.

 

AOKAda 24-may kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida berilgan maʼlumotga koʻra, sinovlarda jami 189 929 nafar pedagog ishtirok etgan. Ular 41 ta fan va yoʻnalishlar boʻyicha test topshirgan.

 

Testda olingan oʻrtacha ball natijalari boʻyicha Buxoro (62,53 ball), Xorazm (60,5 ball) viloyatlari hamda Toshkent shahri (60,15 ball) pedagoglari eng yuqori koʻrsatkichlarga erishgan.

 

Test natijalaridan soʻng, respublika boʻyicha pedagog kadrlarning 8 913 nafari (4,7 foiz) oliy toifa, 25 261 nafari (13,3 foiz) birinchi toifa, 46 662 nafari (24,6 foiz) ikkinchi toifa va 11 036 nafari (5,8 foiz) mutaxassis toifasiga ega boʻlgan. Qolgan 14 032 nafar (7,4 foiz) pedagog esa mutaxassis lavozimi uchun yetarli ball toʻplay olmagan.

 

Rasmiylarning xabariga koʻra, 51 103 nafar (26,9 foiz) nomzodlarning toifasi oshmoqda. Keyingi 17,8 foiziniki oʻzgarmay saqlanib qolayotgan boʻlsa, 11 foizining toifasi endilikda pasaydi.

 

Qolgan 44,2 foiz talabgor salbiy natija qayd etgan boʻlsa-da, bu ularning toifasiga taʼsir qilmaydi. Boisi, attestatsiya navbatdan tashqari oʻtkazilgan.

 

Testlarda ishtirok etish uchun ariza bergan nomzodlarning 83 foizi navbatdan tashqari, yaʼni oʻzlari xohlab, toifasini oshirish maqsadida sinovdan oʻtgan. Qolgan qismi (17 foiz pedagoglar) sinovlarda majburiy tarzda ishtirok etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//